O‘zbekiston elchisi Estoniya Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Jamiyat
−
21 aprel
1536O‘zbekistonning Estoniyaga yangi tayinlangan elchisi (qarorgohi Riga shahrida joylashgan) Temur Rahmonov joriy yilning 16 aprel kuni ushbu davlat Prezidenti Alar Karisga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, rasmiy tadbirdan so‘ng o‘tkazilgan muloqot chog‘ida Estoniya Prezidenti O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar rivojlanib borayotganini yuksak baholagan va ushbu yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdorligini bildirgan.
Shuningdek, Estoniya yetakchisi O‘zbekistonning mintaqadagi yetakchi davlatga aylanganini alohida ta’kidlagan. Xususan, u O‘zbekiston yetakchisining mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, jumladan, ko‘p yillar davomida mojarolarga sabab bo‘lib kelgan chegara masalalarini ijobiy hal etishdagi katta hissasini alohida urg‘ulagan.
“Prezident Alar Karis davlatimiz rahbari rahnamoligida yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni eston tomoni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Temur Rahmonov 2024 yil 13 mart kuni O‘zbekiston elchisi sifatida Riga shahriga borgan. Ushbu lavozimga tayinlanishidan oldin u 2021-2024 yillarda O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi bosh konsuli bo‘lib ishlagan.
Temur Rahmonov 2024 yil 17 iyun kuni O‘zbekiston elchisi sifatida Latviya Prezidenti Edgars Rinkevichsga, joriy yil 11 fevral kuni Litvadagi elchi sifatida ushbu davlat Prezidenti Gitanas Nausedaga, 1 aprel kuni esa Finlyandiyadagi elchi sifatida mazkur mamlakat Prezidenti Aleksandr Stubbga ishonch yorliqlarini topshirgan edi.