O‘zbekiston dzyudo terma jamoasi uchun Olimpiada tugadi
Sport
−
31 iyul 2021
2905Olimpiada o‘yinlarining dzyudo bo‘yicha aralash jamoaviy bahslari o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi vakillari Niderlandiyaga imkoniyatni boy berdi.
O‘zbekiston hamda Niderlandiya terma jamoalari o‘rtasidagi bellashuvning ilk bahsida +90 kg vazn toifasida Bekmurod Oltiboyev raqibi Xenk Grolni dastlabki soniyalardayoq ippon bahosi bilan yengib jamoadoshlarini oldinga olib chiqdi.
Ayollar o‘rtasida -57 kg vazn toifasida Diyora Keldiyorova Sanne Verxagenga bahs yakuniga 8 soniya qolganida ippon bahosi evaziga mag‘lub bo‘ldi. Unga qadar Keldiyorova vazari bahosi bilan oldinda borayotgan edi.
Erkaklar o‘rtasida -73 kg vazn toifasida Hikmatilloh To‘rayev raqibi Tornike Tsyakadoani “oltin daqiqa”larda mag‘lubiyatga uchratdi va O‘zbekiston terma jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi.
-70 kg vazn toifasida Gulnoza Matniyozova tajribali raqibi Sanne van Dijkeni ippon bahosi evaziga mag‘lubiyatga uchratdi va hisobni 3:1 ko‘rinishiga keltirdi. Yakkalik bahslarida Matniyozova aynan Van Dijkega mag‘lub bo‘lgan edi.
Erkaklar o‘rtasida -90 kg vazn toifasida Olimpiada bronza medalini qo‘lga kiritgan Davlat Bobonov raqibi Noyel van Tendga ippon evaziga mag‘lub bo‘ldi.
Ayollar o‘rtasida +70 kg vazn toifasida tatamiga chiqqan 19 yoshli Farangiz Hojiyeva niderlandiyalik raqibi Guse Stinxausga yutqizib qo‘ydi. Ta’kidlab o‘tish kerakki, Hojiyeva -63 kg vaznda tatamiga ko‘tariladi.
Shu tariqa hisob 3:3 ko‘rinishiga keldi. Qur’a natijasiga ko‘ra +90 kg vazn toifasidagi dzyudochilar Bekmurod Oltiboyev va Xenk Grol “oltin ochko” uchun bellashdi. Olimpiya o‘yinlari davomida ikki bor ippon bahosi evaziga Grolni mag‘lub etgan Oltiboyev ogohlantirishlar hisobiga mag‘lubiyatga uchradi.
Shu tariqa, O‘zbekiston dzyudo terma jamoasi uchun Olimpiada bahslari o‘z yakuniga yetdi
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15