O‘zbekiston deputati rossiyalik mavqedoshiga o‘rnini ko‘rsatib qo‘ydi
Jamiyat
−
05 iyun 2023
28346Rossiyaning “Adolatli Rossiya” (“Spravedlivaya Rossiya”) partiyasi yetakchisi Sergey Mironov Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonni Ukrainadagi urushda qatnashgan o‘z fuqarolarini jinoiy javobgarlikka tortishni nazarda tutuvchi qonunchiligi sabab tanqid qildi. “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov esa bunga javoban rossiyalik deputatga “o‘z davlatining qonunchiligi bilan ishlash”ni tavsiya qildi.
Gap shundaki, Sergey Mironov Twitter'dagi sahifasida quyidagicha post qoldirgan:
“O‘tgan yilning sentyabr oyida uch davlat – O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston agar ularning fuqarolari Rossiya tomonida “maxsus harbiy operatsiya”da qatnashsa, ularni jinoiy javobgarlikka tortishga qaror qildi. Shu yerda savol tug‘iladi: biz bir tashkilotning a’zolarimiz va agar YeOIIga kiruvchi davlat fuqarosi ushbu hamjamiyatning bir qismi bo‘lgan boshqa davlatga yordam berishni istasa, nima uchun u o‘z mamlakatida jinoiy javobgarlikka tortiladi? Menimcha, bu borada davlatlararo qaror qabul qilish kerak. Agar gap ishtirokchi davlat manfaatlarini himoya qilish haqida ketayotgan bo‘lsa, unda jinoiy ta’qib bo‘lishi mumkin emas”, deya iddao qilgan Mironov.
“Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov o‘z Telegram-kanalida post qoldirib, Mironovga bu masalaga salbiy munosabat bildirgandan ko‘ra, o‘z qonunchiligi bilan ishlashni maslahat berdi.
“Rossiya Federatsiyasining o‘zida yollanganlik uchun jinoiy javobgarlik bor. RF Jinoyat Kodeksining 359-moddasida yollanish uchun jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilgan. Va unda harbiy nizoda ishtirok etayotgan davlatning fuqarosi bo‘lmagan va bu davlat hududida doimiy yashamaydigan shaxsning moddiy manffatdorlik yo‘lida harakat qilishi yollanish deb topilishi belgilangan”, deb yozgan Bobur Bekmurodov.
Uning tushuntirishicha, O‘zbekistonning tashqi siyosati boshqalar bilan birga kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik pritsipiga asoslanadi.
Shuningdek, Oliy Majlis deputati O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 154-moddasida o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish maqsadida yollanganlik uchun jinoiy javobgarlikka tegishli norma 1994 yilda qabul qilingani, O‘zbekiston fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi 154-1-modda esa 2003 yilda kiritilganini eslatgan.
“O‘zbekiston suveren mamlakat va biz geosiyosiy va ayniqsa, boshqa davlatlardagi harbiy vaziyatga qarab qonunchiligimizni moslashtiradigan, boshqalar uchun qulay qonunlar qabul qiladigan davlat emasmiz. O‘zbekiston Respublikasi davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan tinchliksevar tashqi siyosatni amalga oshiradi. Mironovning YeOIIga a’zo emasligimizni bilmasligi haqida gapirmadik”, deya xulosa qiladi Bobur Bekmurodov.
Ma’lumot uchun, Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi 2014 yilda tashkil etilgan. Ushbu tashkilotga Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Armaniston davlatlari a’zo. O‘zbekiston esa 2020 yilning 11 dekabrida tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan.