O‘zbekiston chegarasida harbiylar ikki qirg‘izistonlikni otib o‘ldirdi

Jamiyat

image

Joriy yilning 15 avgust kuni Qirg‘iziston – O‘zbekiston chegarasida o‘zbekistonlik harbiylarning o‘q uzishi oqibatida 2 qirg‘izistonlik halok bo‘ldi. Ularni otgan chegarachilarning xatti-harkatlari asosli deb topildi. Bu haqda DXX Chegara qo‘shinlari bugun, 4 sentyabr kuni xabar berdi.

Qayd etilishicha, hodisa sodir bo‘lgan kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani Ugam-Chotqol qo‘riqxonasi yaqinidagi chegara mintaqasida 2 nafar noma’lum shaxsning harakatlanayotgani kuzatilgan. Chegara naryadi o‘z vakolati doirasida ularga to‘xtashni buyurgan, lekin ular qochishga uringan. Shu bois, ularni to‘xtatish uchun osmonga qarata bir necha bor ogohlantiruvchi o‘q uzilgan. Ammo noma’lum shaxslar chegara naryadining talablariga bo‘ysunmay, Davlat chegarasi tomon harakatni davom ettirgan. Shundan keyin, so‘nggi chora sifatida ularga nisbatan qurol qo‘llangan.

Oqibatda, ular yaralanib, harbiy xizmatchilar tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramay, voqea joyida vafot etgan. Hodisa joyi ko‘zdan kechirilganida, 1 dona chodir, 3 ta ot, oziq-ovqat mahsulotlari hamda yashirinishga ulgurgan uchinchi shaxsning izlari ham topilgan.

Holat yuzasidan shu kunning o‘zida Qirg‘iziston va Qozog‘iston chegara idoralari xabardor qilingan.

Chegara qo‘shinlari matbuot xizmatining yozishicha, 31 avgust kuni vafot etganlar Qirg‘iziston fuqarolari ekani aniqlanib, ularning jasadi qarindoshlariga topshirilgan. O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegara idoralari rahbarlarining o‘zaro kelishuviga asosan, 2-3 sentyabr kunlari hodisa joyi hamkorlikda ko‘zdan kechirilgan.

Ta’kidlanishicha, o‘rganishlar natijasida chegara naryadining xatti-harakatlari O‘zbekiston qonunchiligiga asosan amalga oshirilgani, yuqorida ko‘rsatilgan Qirg‘iziston fuqarolari tomonidan Davlat chegarasi buzilgani, shuningdek, uchinchi shaxsning Qirg‘iziston tomonga qaytib, yashirinishga ulgurgani komissiya tomonidan o‘z tasdig‘ini topgan. Uning shaxsini aniqlash va tegishli chora ko‘rish yuzasidan kelishuvga erishilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tezkor xodimlari chegarachilar bilan birgalikda afg‘on narkodilerlarini qo‘lga olish bo‘yicha operatsiya o‘tkazgandi, unda otishma sodir bo‘lib, u ikki qoidabuzarning o‘limi bilan yakunlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

DXX Chegara qo'shinlari qirg'izistonlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing