O‘zbekiston-Amerika biznes forumida 12 ta hujjat imzolandi
Jamiyat
−
18 Sentabr 2023
493915 sentyabr kuni Vashingtonda o‘tgan O‘zbekiston-Amerika biznes-forumi da 12 ta hujjat imzolandi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Prezidentning AQSHga tashrifi arafasida Vashingtonda O‘zbekiston-Amerika biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda energetika, mashinasozlik, AKT, qishloq xo‘jaligi, moliyaviy-texnik va ilmiy-texnikaviy hamkorlik sohalari bo‘yicha 12 ta hujjat imzolandi.
Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi boshqaruvi raisi Kerolin Lemm, AQSH Eksimbanki prezidenti Reta Jo Lyuis va davlat kotibi yordamchisi o‘rinbosari Das Mark Pommershaym so‘zga chiqdi.
Unda raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari, sanoat birlashmalari, tijorat banklari va investitsiya tuzilmalari rahbarlari, shuningdek, AQSHning AKT, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, transport, bank ishi va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan yirik korporatsiyalari rahbarlari ishtirok etdi.
Forumda tog‘-kon sanoati, kimyo va energetika sanoati, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, elektronika, axborot texnologiyalari kabi iqtisodiyot tarmoqlaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Tadbir davomida global raqobat, ta’minot zanjiri barqarorligini ta’minlash, ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish, innovatsiyalarni rag‘batlantirish, strategik prognozlash, xususiylashtirish va moliyaviy-texnik hamkorlik masalalari bo‘yicha alohida sessiyalar o‘tkazildi.
“Biznes-forum O‘zbekiston va AQSH vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari va yetakchi kompaniyalari rahbarlarining “G2B” va “B2B” formatidagi uchrashuvlari bilan davom etdi. Unda ishtirokchilar qo‘shma korxonalar tashkil etish va o‘zaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzish masalalarini atroflicha muhokama qilishga muvaffaq bo‘ldilar.
Tadbir yakunida energetika, mashinasozlik, AKT, qishloq xo‘jaligi, moliyaviy-texnik va ilmiy-texnik hamkorlik, tibbiyot va farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish kabi sohalarda 12 ta hujjat imzolandi”, deyiladi xabarda.
Akobir Sayidov
LiveBarchasi