O‘zbekiston afg‘onlararo muzokaralar boshlanganini olqishlaydi – TIV

Jamiyat

image
AQSH Afg‘onistondan chiqsa, uning o‘rnini kim to‘ldiradi? north_east

AQSH Afg‘onistondan chiqsa, uning o‘rnini kim to‘ldiradi?

Ma’lumki, joriy yilning 12 sentyabr kunidan Qatar poytaxti Dohada Afg‘oniston Islom Respublikasi Hukumati va “Tolibon” harakati o‘rtasida muzokaralar boshlanishi belgilangandi.

Bugun, 12 sentyabr kuni Doha shahrida afg‘onlararo inklyuziv muzokaralar boshlandi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi muzokaralar boshlanganiga munosabat bildirib, uni olqishlashini ma’lum qildi.

“O‘zbekiston Qatar poytaxti Doha shahrida Afg‘oniston Hukumati va “Tolibon” Harakati o‘rtasida inklyuziv muzokaralar boshlanganini olqishlaydi.

Umid qilamizki, afg‘onlararo muloqot o‘t ochishni barqaror to‘xtatishga olib keladi va natijada mamlakatda mustahkam va uzoq muddatli tinchlikni o‘rnatish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi”, deyiladi vazirlik munosabatida.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston “siyosiy jarayonlar faqat afg‘onlar tomonidan va Afg‘oniston xalqi rahbarligida olib borilishi lozim”, degan asosiy tamoyilga sodiq qoladi.

“O‘zbekiston Respublikasi tomonlarning milliy yarashuvga erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlari va intilishlarini bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlaydi hamda do‘st Afg‘oniston xalqiga barqaror va farovon davlat barpo etishda har tomonlama yordam ko‘rsatishda davom etadi”, deyiladi TIV bayonotida.

Avvalroq, O‘zbekiston afg‘onlararo muzokaralarning bir raundini Samarqandda o‘tkazishga tayyor ekanini bildirgandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 fevral kuni Qatarning Doha shahrida Amerika Qo‘shma Shtatlari va "Tolibon" harakati o‘rtasida tinchlik sulhi imzolandi.

Imzolangan tinchlik shartnomasiga ko‘ra, AQSH Afg‘onistonda qo‘shinlar sonini 135 kun ichida 12 mingdan 8,6 ming kishigacha kamaytirish majburiyatini oldi. Agar “Tolibon” mamlakatda hudkushliklarni mutlaqo to‘xtatsa, amerikaliklar o‘z harbiylari va NATO kuchlarini 14 oy davomida olib chiqishda davom etadi. Ushbu harakatlar evaziga toliblar AQSH va boshqa davlatlarga hujum qilish uchun Afg‘oniston hududidan foydalanishni to‘xtatishi kerak.

Kelishuvga ko‘ra, afg‘onlararo maslahatlashuvlar 10 martda boshlanishi kerak edi. Ishonchni mustahkamlash choralari doirasida afg‘onlararo muzokaralar boshlangunga qadar 5000 ga yaqin toliblar va radikallar tomonidan ushlab turilgan 1000 ga yaqin odam ozod qilinishi shart edi. Hukumat 5 ming tolibni ozod qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Tolibon O'zbekiston-Afg'oniston

Baholaganlar

27

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing