O‘zbekiston Afg‘onistonga 390 tonna gumanitar yordam yubordi
Jamiyat
−
11:45 986 2 daqiqa
Kecha, 29 dekabr kuni Balx viloyatining Hayraton shahrida O‘zbekiston rahbariyati nomidan Afg‘oniston xalqiga navbatdagi gumanitar yordamni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Bildirilishicha, umumiy og‘irligi qariyb 390 tonnani tashkil etgan mazkur gumanitar yuk “Termez Cargo Cyentre” maydonchasida shakllantirilib, oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar hamda tibbiy uskunalardan iborat.
“Gumanitar yuk tarkibi bilan tanishish jarayonida Balx viloyati hokimi M.Vafo Afg‘oniston xalqiga ko‘rsatilayotgan doimiy yordam uchun O‘zbekiston Prezidentiga minnatdorlik bildirdi. Ushbu yordam O‘zbekiston rahbariyati tomonidan afg‘on xalqini qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi izchil sa’y-harakatlarning ifodasi ekani ta’kidlandi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, mazkur aksiya 2025 yil davomida Afg‘oniston xalqiga yo‘naltirilgan to‘rtinchi gumanitar yordam hisoblanadi.

Shuningdek, Balx viloyati hokimi O‘zbekiston tomonidan ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash hamda savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan aniq chora-tadbirlarga e’tibor qaratdi. Natijada so‘nggi yillarda afg‘on mahsulotlari eksporti hajmlari sezilarli darajada oshgani, shuningdek, mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy sharoit va aholi farovonligi yaxshilangani qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil mart oyida Navro‘z bayrami va Ramazon hayiti (Iyd al-Fitr) munosabati bilan Afg‘oniston aholisiga qariyb 200 tonna oziq-ovqat mahsuloti ortilgan navbatdagi insonparvarlik yuki qo‘shni mamlakatning Balx viloyatiga yetkazilgandi. May oyida esa O‘zbekiston Afg‘onistonga beg‘araz ravishda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini (26 tonnadan ortiq urug‘lar) yetkazib berdi. Iyunda Qurbon hayiti munosabati bilan Afg‘oniston aholisiga 183 tonna oziq-ovqat mahsuloti ortilgan navbatdagi insonparvarlik yordami yuklari Balx viloyatiga yetkazildi. Sentyabrdagi zilziladan so‘ng esa bag‘rikenglik va hamdardlik ramzi sifatida Kunar va Nangarhor viloyatlari aholisi uchun 300 tonna insonparvarlik yordami yuborildi. O‘zbekiston 2026 yilda ham Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berishni davom ettiradi.
Live
Barchasi