O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatdi – OAV
Jamiyat
−
15 yanvar 2023
9609O‘zbekiston texnik sabablarga ko‘ra Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatdi. Bu haqda bugun, 15 yanvar kuni “TOLOnews” telekanali xabar berdi.
Nashr Afg‘onistonning “Da Afghanistan Breshna Sherkat” energetika kompaniyasi vakiliga ishora tayanib xabar tarqatgan. Manbaning so‘zlariga ko‘ra, energiya ta’minotini qachon tiklash mumkinligi hozircha ma’lum emas.
“Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan “Tolibon” harakati vakillari O‘zbekiston rasmiylari bilan ta’minotni qayta tiklash bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda”, deyiladi xabarda.
Elektr taqchilligi sharoitida “Tolibon” Qobulda issiqlik elektr stansiyasini ochishga majbur bo‘ldi, biroq uning ishi, kompaniya vakiliga ko‘ra, rasmiylar uchun juda qimmat. Poytaxt aholisi past harorat sharoitida elektr ta’minotidagi uzilishlar tufayli ko‘plab muammolarga duch kelayotganidan shikoyat qilmoqda.
Ayni vaqtda O‘zbekistonda ham gaz va elektr energiyasi bilan bog‘liq vaziyat inqirozli bo‘lib turibdi. Mamlakatda davom etayotgan anomal sovuq havo tufayli maktablarda qishki ta’til uzaytirildi. Poytaxt Toshkent tumanlarida ham gaz va elektr energiyasidan bir necha soatlarda uzilish davom etmoqda.
Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, sovuq havo harorat tufayli quvurlarda gaz bosimining pasayishi, elektr tarmoqlari va transformator punktlarida yuklamalarning keskin ortishi kuzatilmoqda. Buning natijasida hududlardagi, xususan Toshkent shahri va viloyatidagi gaz va elektr tarmoqlarida nosozliklar yuzaga kelib, ta’minotda uzilishlar sodir bo‘lmoqda.
Tarmoqlarda yuklamani kamaytirish hamda energiya resurslarini birinchi navbatda aholi va tibbiyot muassasalariga yetkazib berish uchun yirik sanoat korxonalariga gaz va elektr energiyasi yetkazib berish hajmi keskin kamaytirilgan.
Shuningdek, barcha hududlardagi ko‘cha yoritish chiroqlarining bir qismi o‘chirilib, undan tejalgan elektr energiyasi aholiga yo‘naltirilmoqda.
Elektr energiyasi va gaz sarfini kamaytirish maqsadida bugun, 15 yanvardan e’tiboran Toshkent shahridagi barcha savdo markazlari, istirohat bog‘lari hamda xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ishlash vaqti ertalab soat 10:00 dan 17:00 ga qadar cheklandi.
LiveBarchasi