O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr energiyasi berishni rejalashtirmoqda
Jamiyat
−
23 yanvar 2023
9970Avval xabar berganimizdek, “Tolibon” tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Mutaqqiy O‘zbekistondan shartnoma asosida elektr energiyasi eksport qilishni so‘rab, murojaat bilan chiqqan edi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Energetika vazirligi Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib berish tiklanishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yil 25 yanvar sanasidan boshlab O‘zbekistondan Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib berish qayta tiklanishi rejalashtirilmoqda.
Joriy yilning 14 yanvar sanasidan respublikada havo haroratining keskin pasayishi oqibatida issiqlik elektr stansiyalarida yoqilg‘i ta’minotida vujudga kelgan muammolar, ya’ni yoqilg‘i tanqisligi va turli nosozliklar paydo bo‘lgani sabab, shuningdek, respublika iste’molchilarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib berish vaqtinchalik to‘xtatilgan edi. Ushbu fors-major holati haqida Afg‘oniston energetika tashkiloti ogohlantirilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan va ichki iste’molga mo‘ljallangan elektr energiyasi eksportga yo‘naltirilmaydi.
Hukumatlararo kelishuvga muvofiq amalga oshiriladigan elektr energiyasi import amaliyotining bir qismi Afg‘onistonga (imzolangan shartnomalarga muvofiq) eksport qilinadi.
Ozoda Choriyeva
LiveBarchasi