O‘zbekiston aholisi “svet”ning narxidan rozimi?

Jamiyat

O‘zbekistonda aholi 1 kilovatt elektr energiyasi uchun o‘rtacha 300 so‘m pul to‘laydi. 1 metr kub tabiiy gaz narxi esa aholi uchun 380 so‘mni tashkil qiladi. Xo‘sh, o‘zbekistonliklar “svet” narxidan qoniqadimi, bemalol maoshidan orttirib, sarflagan elektr energiyasi haqqini to‘lay olyaptimi? Bugun QALAMPIR.UZ xuddi shunday savollar bilan iste’molchilarga, kunda-kunora “svet”i o‘chayotgan Toshkent shahri aholisi va mehmonlariga mikrofon tutdi.

“Elektr energiyasi to‘lagan pulimizga arziydi. Narxlari o‘rtacha, arzon ham qimmat ham emas”, deydi fuqaro.

“Menimcha, arziydi. Narxlari ham arzon. Hozir narxi 294 so‘m, buni yana ko‘tarishmasa bo‘ldi. Hozir ancha yaxshi”, deydi boshqa biri.

“Ha, arziydi. Narxlari ham juda yaxshi. Shuncha sharoitlar qilib berishganiga rahmat. Tag‘in, yana bilmadim. Men Namangandan kelganman. Bizda ham elektr energiyasi o‘chib turadi”, deydi yana bir shaxs.

Odamlar orasida elektr energiyasi uchun to‘layotgan pullar umuman arzimasligi, “svet” tez-tez o‘chib turishini hisobiga hatto tekin qilinishi so‘raganlar bor.

“Tekin qilishi kerak, Bular nimasiga pul oladi, elektr energiyasini bular qayerdan olyapti. Borib GESdan oladi, men buni nimasiga pul berishim kerak? Yo‘q joydan kelayotganiga pul olyapti”, deydi yo‘lovchi.

“Misol uchun, biz Yunusobodda turamiz. Bir kundan beri “svet” yo‘q uyimizda. Gaz ham yo‘q. Narxlari arzonlikka arzon, lekin elektr energiyasining o‘zi yo‘q”, deydi yana biri.

Shuningdek, QALAMPIR.UZ ayni so‘rovnomada ishtirok etgan fuqarolardan bu yo‘nalishda qanday muammolar kuzatilayotgani haqida so‘rab, ularning so‘zlariga quloq tutdi.

“Bir xilda hujjatlar pochta orqali yuboriladi, ba’zilari esa telefonga keladi. Ikkalasida farq bor. O‘shani farqini yo‘qotish kerak”, deydi yana bir qatnashuvchi.

“Masalan, elektr energiyasi bo‘yicha gapiradigan bo‘lsak uydagi konditsioner, ventilyatorlarni ishlash darajasi pasayib ketyapti yoki umuman o‘chib qolyapti. Bizga beriladigan tok 220 bo‘lishi kerak aslida, lekin 167-170 bo‘lib kelmoqda”, deydi boshqa bir fuqaro.

“Misol uchun, chekka viloyatlarda ko‘p “svet” o‘chadi. Menimcha, shaharlarda o‘chmayapti. Viloyatlardagi tumanlarga e’tibor berish kerak. Faqat markazlarga emas, tumanlarga ham e’tibor berilsa ancha yaxshi bo‘ladi”, deydi yana bir o‘tkinchi.

Bundan tashqari, so‘rovnoma davomida iste’molchilar tomonidan bir qancha e’tiroz hamda takliflar aytib o‘tildi. Ularning fikricha, rasmiylar bu borada yaxshiroq e’tibor berishi kerak.

“Avvalo oyliklarni oshirish kerak. Shunda keyin to‘g‘ri keladi. Shu maoshlarni oshirsa elektr to‘lovlarini ham bemalol to‘lay olamiz”, deydi so‘rovnoma ishtirokchisi.

“Bunaqa issiq kunlarda elektr energiyasi hatto markazlarda ham o‘chyapti. Shunga oldindan yaxshiroq e’tibor berishlarini so‘ragan bo‘lar edim”, deydi boshqa biri.

“Quyosh panellarining narxini arzonlashtirishsa, yana ham yaxshiroq bo‘lar edi. Ko‘pchilik sotib olib, o‘rnatgan bo‘lar edi”, deydi yana bir fuqaro.


Maqola muallifi

Teglar

elektr energiya svet

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing