O‘zbekiston 4 oyda 38,5 mln dollarlik un import qildi
Jamiyat
−
28 may 2022
5053Joriy yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonga qiymati 38,5 mln. AQSH dollariga teng bo‘lgan 124,8 ming tonna bug‘doy uni import qilingan.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bug‘doy uni importi hajmi o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 22 ming tonnaga oshgan.
2022 yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekiston bug‘doy unini eng ko‘p import qilgan davlatlar:
• Qozog‘iston – 122,8 ming tonna;
• Rossiya – 1,9 ming tonna;
• AQSH – 50 tonna;
• Italiya – 27 tonna;
• Hindiston – 2 tonna;
• Fransiya – 1,8 tonna.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 31 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2022 yil aprel-iyul oylarida Qozog‘iston Respublikasidan 100 ming tonna 3-sinf bug‘doyini (bir qismi un) maqbul narxlarda import qilish haqida qaror qabul qilgandi.
Joriy yilning 15 aprelidan esa Qozog‘iston un va bug‘doy eksportiga cheklov kiritdi. Tashqi savdo siyosati va xalqaro iqtisodiy tashkilotlarda ishtirok etish bo‘yicha idoralararo komissiya 15 apreldan 15 iyungacha bug‘doy va un eksporti uchun kvotalar joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bug‘doy kvotasi hajmi 1 mln tonna, un uchun - 300 ming tonna etib belgilandi.
O‘zbekistonning asosiy bug‘doy yetkazib beruvchilari qatorida bo‘lgan Rossiya ham ushbu mahsulot eksportiga cheklov kiritgan.