Qozog‘iston bug‘doy importini taqiqladi
Olam
−
21 avgust
4577Qozog‘istonda joriy yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, bug‘doy importi 1,3 million tonnani tashkil etgan. Bu 2023 yildagi yillik import hajmiga deyarli teng va ayni paytda Qozog‘iston ichki bozorida yetarli miqdorda bug‘doy zaxirasi mavjud. Bu haqda mamlakat Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar va vegetatsiya davridagi qulay ob-havo sharoiti tufayli vazirlik g‘allaning yaxshi hosilini bashorat qilmoqda. Bu esa o‘tkazma zaxiralarini hisobga olgan holda g‘alla bozorida ortiqcha taklifni yuzaga keltiradi.
Ichki bozor himoyasi va don reeksportini istisno qilish maqsadida 2024 yil 26 iyul kuni “Tashqi savdo siyosati va xalqaro iqtisodiy tashkilotlarda ishtirok etish bo‘yicha” idoralararo komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Unda dekabr oyigacha cheklov joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Qozog‘iston hududi orqali bug‘doy tranziti, shuningdek, ularning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bir davlat hududidan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo boshqa davlat hududiga Qozog‘iston hududi orqali o‘tishi bundan mustasno.
Buyruq 21 avgustdan kuchga kiradi va 2024 yil 31 dekabrgacha amal qiladi.