Qozog‘iston bug‘doy importini taqiqlamoqchi
Olam
−
15:20 1165 2 daqiqa
Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligi bug‘doyni mamlakatga avtomobil, suv va temir yo‘l transporti orqali olib kirishni olti oyga taqiqlash to‘g‘risidagi buyruq loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Tegishli buyruq loyihasi ochiq portalga joylashtirildi.
Hujjatda uchinchi davlatlardan, shuningdek, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) mamlakatlaridan avtomobil, suv va temir yo‘l transporti orqali bug‘doy import qilinishiga olti oylik taqiq joriy etish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, loyihada bir qator istisnolar ham belgilangan. Cheklov parrandachilik va donni qayta ishlash korxonalari, litsenziyaga ega elevatorlar, shuningdek, “Milliy kompaniya “Oziq-ovqat shartnomaviy korporatsiyasi” AJ manziliga temir yo‘l transporti orqali yetkazib beriladigan bug‘doy hajmiga daxl qilmaydi.
Vazirlikning aniqlik kiritishicha, ushbu korxonalar uchun olib kirilgan bug‘doy ichki va tashqi bozorlarda qayta sotilishi mumkin emas. Bundan tashqari, taqiq Qozog‘iston hududi orqali o‘tadigan temir yo‘l tranzitiga, shuningdek, agar yo‘nalish respublika hududidan o‘tsa, YeOII davlatlari o‘rtasidagi tashinuvga taalluqli bo‘lmaydi.
Qayd etilishicha, ushbu tashabbus mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va mahsulot sotilishining barqarorligini ta’minlashga qaratilgan. Hujjatni tayyorlashga Tashqi savdo siyosati va xalqaro iqtisodiy tashkilotlarda ishtirok etish masalalari bo‘yicha idoralararo komissiyaning 2026 yil 26 iyundagi 129-sonli bayonnomasi asos bo‘lgan.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi, shuningdek, ushbu buyruq qabul qilingan taqdirda, salbiy ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy oqibatlar kutilmasligini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston 2024 yilning avgustidan dekabrigacha ham bug‘doy importini taqiqlagan edi.
Live
Barchasi