Paxta va bug‘doy
Tahlil
−
22 may 11958 4 daqiqa
Davlat ramzlari – bu shunchaki vizual atribut emas, balki siyosiy ma’no va umumiy o‘zlik ramzlaridir. Gerb, bayroq yoki madhiya orqali davlat o‘zining tarixiy xotirasi, siyosiy legitimligi va kelajak haqidagi tasavvurini ifoda etadi. Unda tasvirlangan har bir belgi shu davlat fuqarolarining umumiy qadriyatlari, orzu-umidlarining ifodasidir.
2026 yil may oyida Senat a’zosi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov o‘zining keng qamrovli maqolasida bu mavzuga to‘xtalib, ko‘p bora aytilgan, lekin hanuz javobini topmagan bir savolni o‘rtaga tashladi: mustaqillikka erishgandan keyin ham gerbimizda paxta va bug‘doy nima uchun saqlanib qoldi? Ushbu savol ijtimoiy tarmoqlarda katta munozaraga sabab bo‘ldi. Kimdir qo‘lladi, kimdir rad etdi, kimdir esa boshqacha yo‘nalishlarda fikr yurgazdi.
Biroq munozaraning o‘zi – bu allaqachon bir belgining ishorasi. Jamiyat o‘z ramzlari haqida o‘ylashni boshlagan. Va bu savol faqat gerb haqida emas – bu O‘zbekistonning o‘z-o‘zini kim deb bilishi haqidagi chuqurroq savoldir.
Senator nima dedi?
Qudratilla Rafiqov Samarqand va Shavkat Mirziyoyevning siyosiy yo‘li haqidagi yangi keng qamrovli maqolasida davlat ramzlari mavzusiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Uning fikricha, O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki yillarida davlat ramzlarida “90 yillardagi siyosiy xavotir, qo‘rquv va ikkilanish” o‘z aksini topgan.
“Mustaqillikka erishganimizdan keyin ham gerbimizdagi chambarakka alvon-la o‘ralgan “iftixorimiz ramzi” bo‘lgan paxta va g‘alla tasvirlari o‘zgarmadi. Nega?”, deb so‘raydi senator.
Senator prezident Mirziyoyev o‘sha yillari paxtadan keladigan daromad “hatto bir milliard dollarga ham yetmaganini” bir necha bor ta’kidlaganini eslatib o‘tadi.
Bu gap ortida tarixiy jarohatlar bor. 1980 yillarda “paxta ishi” shunchaki iqtisodiy masala emas, milliy or-nomus va siyosiy sadoqatning o‘lchovi bo‘lib ketgan edi. Qishloq xo‘jaligida “plan” bajarilgani yoki bajarilmagani odamlarning taqdirini hal qilardi. Bu ritorika ongga shu qadar singib ketganki, mustaqillik e’lon qilingandan keyin ham u ramzlarda, shiorlarda, rasmiy nutqlarda uzoq yillar saqlanib qoldi.
Gerbdagi paxta va bug‘doy?
O‘zbekiston Respublikasining davlat gerbi 1992 yil 2 iyulda qabul qilingan. Uning muallifi rassom Anvar Mamajonov bo‘lib, gerb yaratilish jarayonida birinchi prezident Islom Karimovning roli katta bo‘lgani ma’lum.
Gerbda paxta va bug‘doy boshoqlari ikki tomondan doirani o‘rab turadi va ular – to‘qimachilikning hamda non-donning ramzidir. O‘z vaqtida bu iqtisodiy reallikni aks ettirargan bo‘lsa-da, bugungi O‘zbekiston 1992 yilgi O‘zbekistondan tubdan farq qiladi.
Birinchidan, iqtisodiyot diversifikatsiyalashgan. Neft va gaz, turistik soha, raqamli iqtisodiyot, metallurgiya, avtomobil sanoati – bular ham bugungi kunda mamlakatning iqtisodiy yutuqlarini belgilaydi. Faqat ikki ekin turi endi to‘liq O‘zbekiston imkoniyatlarini o‘zida aks ettira olmaydi.
Bundan tashqari, paxta maydonlari qisqartirilmoqda. Hukumat so‘nggi yillarda paxta yetishtirishga mo‘ljallangan yerlarning bir qismini boshqa ekinlarga yo‘naltirish siyosatini olib bormoqda. Bu – davlatning o‘zi paxta monokulturasidan voz kechayotganining belgisi. Shunday ekan, garchi to‘qimachilik sanoati hanuz davlat iqtisodiyotining muhim bir sohasi bo‘lsa-da, oldingi kabi paxta ham, bug‘doy ham u qadar aktual emas.
Jamoatchilik fikrlari
Senator maqolasi e’lon qilingach, ijtimoiy tarmoqlarda keng munozara boshlandi. Ayrimlar gerbni yangilash g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan postlar e’lon qildi. Boshqalari esa bunday o‘zgarishlardan ko‘ra boshqa dolzarb muammolar borligini ta’kidladi.
Ko‘pchilikni bu o‘zgartirishning davlat byudjetiga beradigan bosimi o‘ylantirmoqda. Bloger Zafarbek Solijonov ham davlat gerbini o‘zgartirish tashabbusini amaliy nuqtai nazardan tanqid qildi.
Uning fikricha, davlat ramzini yangilash katta miqdordagi mablag‘ni talab etadi. Sababi, gerb tasviri mamlakatdagi minglab maktablar, bolalar bog‘chalari, oliy ta’lim muassasalari, shifoxonalar, hokimliklar, sudlar hamda boshqa davlat tashkilotlariga o‘rnatilgan. Shuningdek, bu o‘zgarishlar Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Mudofaa vazirligi xizmat avtomobillariga ham ta’sir qiladi.
Solijonovning ta’kidlashicha, byudjet mablag‘larini avvalo maktablarni ta’mirlash va bundan ham dolzarb bo‘lgan ijtimoiy muammolarni bartaraf etishga yo‘naltirish maqsadga muvofiq.
Bloger Nozim Safari esa gerbni o‘zgartirish fikrini qo‘llab, o‘zining X dagi sahifasida post joyladi.
“Senator Rafikovning Gerbdagi ramzlar xakidagi gaplariga kushilaman. Yuqori davralardan kimdir aytishi kerak edi”, deydi u.
Siyosatshunoslik bo‘yicha Avstraliya milliy universiteti doktoranti Otabek Akromov esa davlat ramzlarining jahon siyosatidagi o‘rni haqida gapirar ekan, ushbu davlat ramzlarining xalqni birlashtirish ruhiga e’tibor berish kerak deydi.
“Davlat ramzlarining legitimligi faqat ularning tarixi yoki dizayniga emas, balki jamiyat tomonidan qanday qabul qilinishiga ham bog‘liq. Kuchli siyosiy ramzlar vaqt o‘tishi bilan shakllanadi va kollektiv xotiraning bir qismiga aylanadi. Shuning uchun bunday bahslarda masala “sovetcha” yoki “zamonaviy” degan sodda kategoriyalardan ko‘ra, ramzning jamiyatni birlashtirish qobiliyati va davlatchilik haqida qanday siyosiy ma’no uzatayotganidadir”, deb yozadi olim.
Umuman olib aytganda, davlat gerbi siyosiy ramz jihatidan juda muhim, ammo, ko‘chilik jamoat faollari uning keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan xarajatlaridan norozi va buning o‘rniga hali yechimini topmagan qator ijtimoiy muammolarga e’tibor qaratish kerak degan fikrda.
Live
Barchasi