Senator Qudratilla Rafiqov O‘zbekiston gerbini o‘zgartirishni taklif qildi
Jamiyat
−
22 may 8060 2 daqiqa
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi, senator Qudratilla Rafiqov O‘zbekiston davlat gerbidagi ayrim ramzlar bo‘yicha fikr bildirib, mustaqillikning dastlabki yillarida qabul qilingan milliy simvollarda o‘sha davrga xos siyosiy ehtiyotkorlik va ikkilanish aks etganini ta’kidladi. Bu haqda u Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy yo‘li haqidagi maqolasida yozgan.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi bo‘lgan senator o‘z maqolasida davlat ramzlari mavzusiga to‘xtalib, gerbda paxta va bug‘doy tasvirlari saqlanib qolganiga e’tibor qaratgan.
Uning fikricha, mustaqillikdan keyin ham mazkur ramzlarning qoldirilishi sobiq tuzumdan mafkuraviy jihatdan to‘liq uzilish yuz bermaganini ko‘rsatadi.
“Mustaqil davlatga aylanganimizdan keyin ham gerbimizda paxta va g‘alla saqlanib qoldi. Nega aynan shu ramzlar tanlangan?”, deya savol qo‘yadi senator.
Rafiqovning qayd etishicha, uzoq yillar davomida mamlakat ijtimoiy hayotida paxtachilik va g‘allachilik markaziy o‘rinda bo‘lib kelgan, bu esa jamiyat tafakkuriga ham ta’sir o‘tkazgan.
U sovet va postsovet davridagi ritorika asosan dala, hosil va reja atrofida shakllanganini ta’kidlab, bu holat erkin fikrlash muhitini cheklagan bo‘lishi mumkinligini aytgan.
Senator shuningdek, bugungi “Yangi O‘zbekiston” konsepsiyasi avvalgi qarashlardan farq qilishini, jamiyat dunyoqarashida ham sezilarli o‘zgarishlar yuz berayotganini qayd etgan.
“Vaqt o‘tishi bilan mustaqillikning ilk yillaridagi xavotir va ehtiyotkorlik davlat ramzlarida ham muayyan ma’noda aks etganini ko‘rish mumkin”, deydi u.
Qudratilla Rafiqov maqolasida O‘zbekistonning turli davrlardagi uch xil qiyofasi – “sovet O‘zbekistoni”, “postkommunistik O‘zbekiston” va “Yangi O‘zbekiston” haqida ham mulohaza yuritgan.
Senatorning fikrlari ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayrimlar davlat gerbini yangilash g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, boshqalar mamlakatda bundan muhimroq masalalar borligini ta’kidlamoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonning amaldagi davlat gerbi 1992 yil 2 iyulda qabul qilingan.
Live
Barchasi