O‘zbekiston 2022 yilda ekstremizm va terrorizmga qarshi qanday kurashishi ma’lum qilindi
Jamiyat
−
04 yanvar 2022
12817O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash borasida amalga oshiraladigan islohotlar ma’lum qilindi. Unga ko‘ra, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar bilan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash sohasidagi hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini kengaytiriladi. Bu haqda Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida so‘z boradi.
Taraqqiyot strategiyasining 76-maqsadida Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishning samarali mexanizmlarini shakllantirish masalasiga e’tibor qaratilgan.
Unga ko‘ra, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlashga imkon beradigan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha samarali davlat siyosati amalga oshiriladi.
Ekstremizm va terrorizmni keltirib chiqaruvchi omillarning oldini olishga qaratilgan preventiv mexanizmlarni takomillashtirish, ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, yot g‘oyalar ta’sirini oldini olish va ularning ta’siriga tushib qolganlar bilan tizimli ishlash orqali ularning muammolari bartaraf etiladi.
Shuningdek, aholi, ayniqsa yosh avlodda terrorizm va ekstremizm mafkurasiga qarshi qat’iy va barqaror immunitet shakllantiriladi.
O‘zbekiston joriy yilda yilda ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashning xalqaro-huquqiy asoslarini takomillashtirish hamda horijiy davlatlar, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar bilan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash sohasidagi hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini kengaytirishni ham reja qilmoqda.
Taraqqiyot strategiyasida diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, shuningdek, chet elga uzoq vaqtga ketayotgan hamda yashab kelayotgan fuqarolar bilan shug‘ullanuvchi boshqa idoralarning kadrlar salohiyati va resurslarini mustahkamlash ham ko‘zda tutilgan.
Rejadan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ekstremizm, terrorizm va ularni moliyalashtirishga qarshi kurash sohasida axborot hamda tajriba almashish ham o‘rin olgan.
Qolaversa, mamlakat faoliyati ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishga qaratilgan xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda faol ishtirok etishni ham maqsad qilgan.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoda BMTning Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikdagi sa’y-harakatlarni birgalikdagi harakatlar rejasi doirasida muvofiqlashtiradi.
Markaziy Osiyoda ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha birgalikdagi ishlar doirasida axborot almashinuvi va hamkorlikni rivojlantirishga yordam beruvchi xalqaro tashabbuslarni amalga oshirishda O‘zbekistonning roli kengaytiriladi.
Dunyo hamjamiyati va mintaqaviy tashkilotlar e’tiborini Afg‘onistonda tinchlik va hamjihatlikni ta’minlashga jalb qilish borasidagi tashabbuslarni jadallashtirish va ushbu mamlakatni mintaqaviy hamkorlik jarayonlariga, shu jumladan, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishga jalb qilish ham nazarda tutilmoqda.
Yuqoridagi vazifalarning bajarilishini nazorat qiluvchi sifatida Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari B.Shayakubov va Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov belgilangan.
LiveBarchasi