O‘zbekiston 2021 yilda ham eng ko‘p uran qazib olgan davlatlar beshligiga kirdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston 2021 yilda ham uran qazib oluvchi davlatlar reytingidagi beshinchi o‘rnini saqlab qoldi. Bu haqda Butunjahon yadro assotsiatsiyasi (WNA) tarqatgan ma’lumotlarda keltirilgan.

Qayd etilishicha, 2021 yilgi ko‘rsatkichlar avvalgilariga o‘xshash. O‘zbekistonda yiliga barqaror ravishda 3,5 ming tonna uran ishlab chiqarilmoqda. Xususan, mamlakat 2020 va 2019 yillarda ham 3,5 ming tonna, 2018 yilda esa 3,4 ming tonna uran ishlab chiqargan.

Ro‘yxatda birinchi o‘rinni Qozog‘iston egallagan – 22 ming tonnaga yaqin, bu jahon yetkazib berishning 45 foizini tashkil etadi. Keyingi o‘rinlardan Namibiya (5753 tonna), Kanada (4693 tonna) va Avstraliya (4192 tonna) joy olgan. 

“Kitco” nashriga ko‘ra, O‘zbekiston qazib olingan uranni mamlakatda qayta ishlamaydi va to‘liq hajmda boshqa mamlakatlarga eksport qiladi.

Ma’lumot o‘rnida, dunyo bo‘ylab tabiiy uran zaxiralari 6,14 mln tonnaga teng ekani aytiladi. Shundan 28 foizi Avstraliya, 15 foizi Qozog‘iston va 9 foizi Kanada hissasiga to‘g‘ri keladi. Keyingi o‘rinlarda Rossiya va Namibiya, uran zaxiralarining mos ravishda 8 foiz va 7 foiz qismiga egalik qiladi. O‘zbekiston 132 ming tonnalik (dunyo zaxirasining 2 foiz qismi) uran zaxiralariga ega.

Avvalroq, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev jahon bozorida uran narxi barqaror o‘sib borayotgani, yangi loyihalarda bu xomashyoni qayta ishlash va qo‘shilgan qiymat yaratishga alohida e’tibor qaratish kerakligini ta’kidlagan edi. 

Prezident tomonidan 2022-2026 yillarda geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan. Bu dasturda 8 ta yangi kon va 18 ta istiqbolli maydon hisobiga uran zaxirasini oshirish, zamonaviy burg‘ilash uskunalarini olib kelish, raqamli geologiya modelini yaratish ko‘zda tutiladi.


Maqola muallifi

Teglar

reyting O'zbekiston Uran

Baholaganlar

53

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing