Markaziy bank va Moliya vazirligi raddiya bilan chiqdi
Jamiyat
−
13 iyul 2019
4536O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy bankining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining Bloomberg xalqaro axborot kanali jurnalistiga bergan intervyusi yuzasidan qo‘shma izoh berdi.
“Joriy yilning 9 iyul kuni Bloomberg xalqaro axborot kanali tomonidan Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan Xalqaro moliya kongressi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi intervyusi asosida “Joriy yilda O‘zbekiston qo‘shimcha yevroobligatsiyalar chiqarishi mumkin” nomidagi maqola chop etildi.
Intervyu davomida respublikadagi makroiqtisodiy holat, tarkibiy o‘zgarishlar, moliya tizimida olib borilayotgan islohotlar va yangilanishlar, investitsion muhitni yaxshilash va mamlakatning xalqaro investorlar uchun jozibadorligini oshirish borasida olib borilayotgan choralarga doir keng qamrovli masalalar muhokama etildi.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Raisi tomonidan xalqaro suveren obligatsiyalarni chiqarishni davom ettirish xorijiy investorlar uchun mamlakat kredit tarixini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlangan.
Shu bilan birga, joriy yilda tijorat banklari tomonidan xalqaro obligatsiyalarni chiqarilishi mumkinligi qayd etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ushbu bildirilgan fikrlarni talqin etish va iqtibos keltirishda suveren va korporativ xalqaro obligatsiyalarning farqiga e’tibor qaratish lozimligini ta’kidlaydi.
Ushbu masalani ommaviy axborot vositalari va xalqaro investorlar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinishini oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2019 yilda O‘zbekiston Respublikasining suveren obligatsiyalarini qo‘shimcha chiqarilishi rejalashtirilmayotganligini rasman qayd etadi.
Shuningdek, xalqaro obligatsiyalarni jahon kapital bozorlarida joylashtirilishi O‘zbekiston Respublikasi hukumati hamda davlat va xususiy kompaniyalar uchun tashqi moliya resurslarini jalb etishning eng samarali va istiqbolli bozor instrumentlaridan biri hisoblanadi.
Bunda, O‘zbekiston Respublikasining kelgusida muomalaga chiqariladigan suveren xalqaro obligatsiyalarining muddati va hajmlari mamlakatimiz hukumati tomonidan makroiqtisodiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlari hamda jahon kapital bozorlarida shakllanayotgan holatdan kelib chiqib belgilanadi”, deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov Bloomberg agentligiga intervyuda investorlar O‘zbekistonning kredit tarixini ko‘rishi uchun mamlakat joriy yilda yana bir marta yevroobligatsiyalar chiqarishini aytib o‘tgandi.
LiveBarchasi