O‘zbekiston San-Marinoga birinchi elchisini yubordi
Jamiyat
−
26 mart
2283O‘zbekistonning San-Marinoga tayinlangan birinchi elchisi Abat Fayzullayev (qarorgohi Rimda joylashgan) mazkur davlat rahbarlari – Kapitan-regentlar Francheska Chiverkya va Dalibor Rikkardiga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, tantanali marosimda San-Marino Tashqi ishlar vaziri Luka Bekkari so‘zga chiqib akkreditatsiyadan o‘tgan elchilarni olqishlagan. Vazir Luka Bekkari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatda olib borilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy va demokratik islohotlarni, O‘zbekiston va San-Marino o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni, jumladan ushbu mamlakatga birinchi elchining tayinlanishini yuqori baholagan.
“O‘zbekistonning iqlim va atrof-muhit bilan bog‘liq muammolarga qarshi kurashishda hamda barqaror rivojlanish yo‘lida olib borayotgan oqilona siyosati yuksak baholandi.
Shuningdek, o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, ikki tomonlama shartnoma-huquqiy bazani mustahkamlash, ko‘p tomonlama hamkorlik yo‘nalishida, xususan, BMT va YeXHT doirasida nomzodlar va tashabbuslarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlash kabi mavjud manfaatli sheriklikni davom ettirishga ishonch bildirildi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston va San-Marino o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 2021 yil 3 fevralda o‘rnatilgan. San-Marino dunyodagi eng kichik davlatlardan biri. U Janubiy Yevropada joylashgan bo‘lib, har tomondan Italiya hududi bilan o‘ralgan.
Ma’lumot uchun, Abat Fayzullayev 2023 yil noyabr oyidan buyon O‘zbekistonning Italiyadagi elchisi va Rimdagi xalqaro tashkilotlar (FAO, QXRXJ, BOOD) huzuridagi doimiy vakili hamda 2024 yil dekabr oyidan boshlab O‘zbekistonning Kiprdagi elchisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. U O‘zbekistonning Maltadagi ham birinchi elchisi sanaladi. Shu oy boshida Abat Fayzullayev Malta Prezidenti Miriam Spiteri Debonoga ishonch yorliqlarini topshirdi.
Abat Fayzullayev 2020-2023 yillarda O‘zbekistonning Avstriyadagi va o‘rindoshlik asosida Vengriyadagi elchisi sifatida ishlagan. U bir vaqtning o‘zida O‘zbekistonning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda Venadagi boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakili lavozimida faoliyat olib borgan.
LiveBarchasi