O‘zbekiston Hindiston va Pokistonni vazminlikka chaqirdi
Jamiyat
−
07 may 4752 2 daqiqa
Bugun, 7 mayga o‘tar kechasi tunda Hindiston Pokistonga raketa zarbasi yo‘lladi. Islomobod buni urush harakati deb atab, javob zarbalari berdi. Mojaroning keskinlashuviga O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham munosabat bildirdi.
“O‘zbekiston tomoni Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi keskinlashib borayotgan holatning rivojlanishini xavotir bilan kuzatmoqda. Ikkala tomonni vazminlik ko‘rsatishga, tinchlik va barqarorlik manfaatlari asosida harakat qilishga, vaziyatning yanada yomonlashishini oldini olish uchun diplomatik muloqotga ustuvor ahamiyat berishga chaqiramiz. O‘zbekiston vaziyatni deeskalatsiya qilish va tinch yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan har qanday xalqaro yoki mintaqaviy harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor”, deyiladi TIV bayonotida.
Qayd etish joiz, Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi keskinlik uzoq vaqtdan beri davom etib keladi. 1966 yil 10 yanvar kuni Toshkentda ikki davlat o‘rtasida hududiy nizolar bo‘yicha kelishuv bitimi imzolangan.
Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi vaziyatning keskinlashuvi
22 aprel kuni Hindistonning Kashmir hududida qurollangan shaxslar sayyohlar guruhiga o‘q uzdi. Oqibatda 20 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Voqea sodir bo‘lgan Pahalgam shahri mashhur sayyohlik maskani hisoblanadi. U Hindiston va Pokiston da’vo qilayotgan bahsli hududda joylashgan.
Hindiston hukumati Kashmirdagi teraktdan keyin o‘tkazilgan favqulodda yig‘ilishda Pokistonga nisbatan keng ko‘lamli diplomatik va viza blokadasi joriy etishga qaror qildi. Yig‘ilish yakunida Hindiston 1960 yilda tuzilgan Hind daryosi bo‘yicha suv bitimini to‘xtatishga qaror qildi. Bundan tashqari, Pokiston bilan yagona rasmiy quruqlikdagi chegara punkti – Attari yopildi. Pokiston fuqarolariga vizasiz kirish dasturi to‘xtatildi va ikki davlatdagi diplomatik xodimlar soni qisqartirildi.
Shundan so‘ng Pokiston hukumati Hindistonning suv oqimini to‘xtatish yoki burib yuborishga urinishi harakatini “urush harakati” sifatida baholashini bildirdi. Keyinchalik Pokiston Mudofaa vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda Hindistonga qarshi urushga tayyorligini bildirib, bir qator bayonotlar va videolar e’lon qildi.
30 aprel kuni Pokiston Axborot vaziri ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida Hindiston ularni 24-36 soat ichida hujum qilishni rejalashtirayotgani haqida ishonchli razvedka ma’lumotlari borligini aytdi. Hindiston bu bayonotga izoh bermadi. Shu bilan birga, OAV Pokiston Hindiston bilan chegarada 6 bor o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzganini xabar qildi.