O‘zbekiston ham bor: AQSH 40 dan ortiq davlatni yirik firibgarlikda aybladi

Olam

image

Oq uy O‘zbekiston va Qozog‘istonni o‘z ichiga olgan 40 dan ortiq mamlakatni boj stavkalari pastroq bo‘lgan davlatlar orqali savdoni qayta yo‘naltirish yo‘li bilan Xitoyga AQSH bojlarini aylanib o‘tishga yordam berishda aybladi. Bu haqda AQSH hukumatining “Yuklarni qayta ortish bo‘yicha katta firibgarlik” nomli hisobotida aytiladi. Hisobot muqovasida Troya oti tasvirlangan.

Hisobotda aytilishicha, Xitoy yuklarni arzimas darajada qayta ishlash, qayta markirovkalash, qayta qadoqlash yoki boshqa ahamiyatsiz o‘zgartirishlar kiritish uchun uchinchi mamlakatlardan “foydalangan”. Shu orqali tovar Xitoyda ishlab chiqarilmagandek taassurot uyg‘otib, yuqori bojlarni aylanib o‘tgan.

Oq uyning bildirishicha, bu yo‘l bilan Xitoy hamda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi ishlab chiqaruvchilar va savdo kompaniyalari tovarlarni arzon ishchi kuchi, kuchsiz bojxona nazorati, erkin iqtisodiy zonalari yoki AQSH bozoriga chiqish imkoniyati bo‘lgan yurisdiksiyalarga yetkazib bergan.

“Vaqt o‘tishi bilan bojxona bojlari pastroq bo‘lgan bu mamlakatlar (bugungi kunda ularning soni 40 dan oshadi) bojlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashning yangi tizimi va markaziga aylandi: asosan Xitoyda ishlab chiqarilgan tovarlar xorijda minimal darajada qayta ishlandi va Amerikaga yangi nomlar ostida eksport qilindi”, deyiladi hisobotda.

Oq uyning Savdo va ishlab chiqarish siyosati boshqarmasi rahbari Piter Navarro AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan bojlar joriy etilganidan so‘ng Xitoy yuklarni qayta ortishni tashkil etishda “haddan tashqari murakkab va ustakorlik bilan ishlangan” usullarni qo‘llaganini aytgan.

“Ko‘p yillar davomida yuklarni qayta ortish bo‘yicha bu yirik firibgarlik Kommunistik Xitoyga o‘z eksportini 40 dan ortiq mamlakatlar orqali “yuvishga”, xazinamizni o‘nlab milliard dollar miqdorda talon-toroj qilishga va amerikalik ishchilarning ish haqini o‘g‘irlashga imkon berdi”, deydi u. 

Oq uyning bildirishicha, AQSH bojlarini aylanib o‘tish sababli mamlakat har yili 19 milliard dollardan 26 milliard dollargacha mablag‘ yo‘qotmoqda. 

“Tayanch ssenariyga ko‘ra, yiliga 75 milliard dollarlik yuklarning noqonuniy qayta ortilishi oqibatida 450 000 ga yaqin ish o‘rni boy beriladi va bu bilan bog‘liq federal daromadlar yo‘qotishi 19 milliard dollardan 26 milliard dollargachani tashkil etadi”, deyiladi hujjatda.

Hujjat mamlakatlarni xavf xususiyatiga ko‘ra uchta guruhga bo‘ladi. Birinchi guruhga diversifikatsiya qilingan sanoatga va AQSHga katta hajmdagi eksportga ega yirik savdo hamkorlari kiritilgan: Kanada, Yevropa Ittifoqi, Hindiston, Isroil, Yaponiya, Meksika, Janubiy Koreya va Tayvan.

Ikkinchi guruhni qayta ortish hajmi sezilarli bo‘lgan va bir vaqtning o‘zida Xitoy ta’minot zanjirlariga chuqurroq integratsiyalashgan mamlakatlar tashkil etadi: Braziliya, Indoneziya, Malayziya, Tailand, Turkiya va Vetnam.

Uchinchi guruhga hajmi kichikroq, ammo bir qator afzalliklarga ega bo‘lgan kichik iqtisodiyotlar kiritilgan: arzon ishchi kuchi, erkin zonalar, portlarga chiqish imkoniyati, bojxona omborlari, Amerika bozoriga imtiyozli kirish yoki kuchsiz bojxona nazorati. Bu yerga 24 ta mamlakat, jumladan, O‘zbekiston, Shveysariya, Singapur, BAA, Filippin, Qozog‘iston, Gruziya va Ozarbayjon kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning noyabr oyida Tramp Xitoyga qarshi 100 foizlik bojlar joriy etilishini ma’lum qilgan edi. Shunga o‘xshash, yanvar oyi oxirida respublikachi Kanadaga, agar u Xitoy bilan savdo bitimi tuzadigan bo‘lsa, bojlar bilan tahdid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kanada Xitoy Xalq Respublikasiga elektromobillar importini oshirishga ruxsat berib, “katta xato qilmoqda”.

Keyinchalik Xitoy AQSHni savdo hamkorlariga qarshi bir tomonlama bojlarni bekor qilishga chaqirdi. Pekin Amerika hokimiyatining javob qadamlarini diqqat bilan kuzatib borishi haqida ogohlantirdi. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing