O‘zbekiston haqidagi ilk 8K va 4K formatdagi filmlar premerasi bo‘lib o‘tdi
Jamiyat
−
13 iyul 2019
2995Toshkent shahrida Amerikaning professional rejissyorlari va animatorlari tomonidan tasvirga olingan O‘zbekiston haqidagi ilk “Uzbekistan 8K” qisqa metrajli filmi hamda The Lost Avocado raqamli jurnali asoschisi, National Geographic Awards mukofotlari g‘oliblari - Mystery Box Digital guruhi tomonidan tayyorlangan “Lost in Uzbekistan 4K” (“O‘zbekistonda g‘oyib bo‘lgan”) filmi premerasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xabar tarqatdi.
Taqdimot doirasida kinematografiya sohasidagi yangi media-loyihaning anonsi ham o‘tkazildi. Taqdimot O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi maslahatchisi Behruz Hamzayev tomonidan o‘tkazildi.
“Ushbu premeramizning ahamiyatli tomoni: birinchidan, shu kungacha Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan marketing va targ‘ibot yo‘nalishida olib borilayotgan yangiliklarni ko‘rsatish bo‘lsa, ikkinchisi, O‘zbekiston tarixida birinchi marta 8K formatidagi video namoyishi bo‘ladi”, deydi Behruz Hamzayev.
“Lost in Uzbekistan” filmi 2019 yilning oxirida National Geografic Awards’da “Eng yaxshi qisqa metrajli film” nominatsiyasida g‘olib bo‘lish ehtimoli katta, chunki uni suratga olgan ijodiy jamoaning oxirgi ikki ishi bu tanlovda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, jamoaning yutuqlari Haffington Post, USA Today va boshqa ko‘plab onlayn nashrlar tomonidan e’tirof etib kelinadi.
Ta’kidlash joizki, The Lost Avocado trevel-blogi mualliflari – Jeykob va Keti Shvars, Sara Izzi, Timur Tugalev joriy yilning aprel oyida O‘zbekistonga tashrif buyurishdi. Blogerlar Farg‘ona vodiysi, Samarqand, Buxoro, Xivada bo‘lishdi va o‘z filmlarini yaratish uchun katta hajmdagi materiallarni to‘plashdi. Ushbu videolar dunyoning eng katta savdo-ko‘ngilochar markazlari (DubaiMall, EmiratesMall)dagi 8K va 4K formatdagi ekranlar orqali namoyish qilinishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun: Mystery Box –video kontent yaratuvchi kompaniya bo‘lib, u Yuta (AQSH) shtatida joylashgan. Kompaniya barcha turdagi videomateriallar, jumladan, filmlar, televizion lavhalar, reklama roliklari, musiqa kliplari, voqeali videolarni ishlab chiqarish, veb-saytlar yaratish kabi ishlar bilan shug‘ullanadi. Kompaniya 8K o‘lchamdagi videokontentlarni ishlab chiqaradi. 8K – raqamli video formati bo‘lib, undan raqamli kinematografiya va kompyuter grafikasida foydalaniladi. 8K format gorizontal 8000 pikselga to‘g‘ri keladi. Bugungi kunda 8K o‘lchami eng yuqori tiniqlikdagi standart sifatida ko‘riladi. 8K format dunyoning sanoqli mamlakatlaridagina qo‘llanadi va shunda ham ular eng rivojlangan davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
LiveBarchasi