Mehmonxonaga joylashgan har bir kishi “Ye-mehmon” tizimida ro‘yxatga olinadi - yangi tartib
Jamiyat
−
16 Sentabr 2020
11030O‘zbekistonning barcha hududlaridagi mehmonxonalar, davolash muassasalari, sanatoriylar, dam olish uylari va shu kabi boshqa muassasalarga kelgan O‘zbekiston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan kishilar “E-Mehmon” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritish orqali hisobga olinadi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 10 iyuldagi 433-sonli “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini tiklash va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, mahalliy va xorijlik fuqarolarning respublika bo‘ylab harakatlanishini monitoring qilish tizimini takomillashtirish, olingan ma’lumotlar asosida istiqbolli rejalar ishlab chiqish va samarali amalga oshirish maqsadida mavjud tartiblarga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgan.
Bundan buyon joylashtirish vositalari xizmatlaridan foydalangan barcha shaxslar, jumladan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar mehmonxonalar, davolash muassasalari, sanatoriylar, dam olish uylariga va shunga kabi boshqa muassasalarga borganda shu muassasalar ma’muriyati tomonidan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar asosida “E-Mehmon” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritish orqali hisobga olinishi kerak.
Hisobga olish avvalgidek 12 soat mobaynida emas, balki ular kelib joylashgan vaqtda, ularning bu yerda bo‘lish muddati va kelishining davriyligidan qat’i nazar amalga oshiriladi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi joylashtirish xizmatini ko‘rsatuvchi mehmonxonalar, davolash muassasalari, sanatoriylar, dam olish uylari va shu kabi boshqa tashkilotlar rahbarlaridan mazkur tartibga qat’iy rioya qilishlari so‘ramoqda.
Ta’kidlanishicha, mazkur tartiblarning joriy qilinishi mahalliy va xorijiy sayyohlarning sog‘lig‘i va mulki xavfsizligini ta’minlash, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, kafolatgan xizmatlar ko‘rsatilishini ta’minlashga qaratilgan.