Uzbekistan airways va Uzbekistan airports sohada deyarli hech qanday islohotlar qilinmaganiga izoh berdi
Jamiyat
−
05 fevral 2020
4925So‘nggi vaqtlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasi sohasida bugungi kunda o‘z yechimini kutib turgan dolzarb masalalar yuzasidan turli-tuman fikrlar va munosabatlar bildirilmoqda. Uzbekistan airways va Uzbekistan airports kompaniyalari rahbariyati ushbu masalalar bo‘yicha bayonot bilan chiqishdi.
Ma’lumotda aytilishicha, aviatsiya bozorini liberallashtirish va raqobat muhitini tashkil etish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida respublikaga qatnovlarni amalga oshiruvchi xorijiy aviakompaniyalar soni 2017 yilda 15 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilga kelib ularning soni 23 taga yetgan.
Shuningdek, ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish orqali tashuvlar va aeroportlar faoliyati bo‘yicha vazifalarni mustaqil korxonalarga taqsimlash borasidagi ishlar nihoyasiga yetkazildi. 2019 yilning oktyabr oyida “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK qayta tashkil etilib, bir-biridan mustaqil bo‘lgan ikkita Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports kompaniyalariga ajratildi.
“Aviatsiya bozorini yanada liberallashtirish va parvozlar geografiyasini kengaytirish maqsadida 2019 yilning oktyabr oyidan e’tiboran Qarshi, Nukus, Termiz va Buxoro xalqaro aeroportlarida “beshinchi havo erkinligi” tartibini qo‘llagan holda, “Ochiq osmon” rejimi joriy etildi. Bu jarayonlarning boshlanganiga esa bor yo‘g‘i endi uch oy bo‘ldi! Shu o‘rinda bir narsani alohida ta’kidlab o‘tish lozim, “Ochiq osmon” rejimi joriy etilishi birdaniga mamlakatimizga xorijiy reyslar sonining ortishi va parvozlar oqimining yuqori sur’atlarda ko‘payishida asosiy omil bo‘lib hisoblanmaydi”, deb ta’kidlanadi kompaniyalar bayonotida.
Hozirda mazkur aeroportlarga parvozlarni amalaga oshirishni tashkil etish yuzasidan “Turkish airlines”, “Isra air”, “Garuda”, “Aeroflot”, “IrAero”, “S7”, “Yakutiya”, “SCAT” va boshqa bir qator xorijiy aviakompaniyalar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Yuqorida sanab o‘tilgan kompaniyalar joriy yilning mart oyidan boshlab, “Ochiq osmon” rejimidan foydalangan holda Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk, Irkutsk, Krasnoyarsk, Olmota, Nur-Sulton, va Aqtau yo‘nalishlarida parvozlarni amalga oshirishni boshlashga tayyor ekanligini ma’lum qilishdi. Shuningdek, Isroil va Turkiyaga parvozlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham muzokaralar olib borilmoqda.
Aynan aeroportlar holatini yaxshilash bo‘yicha qator yirik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Xususan, Samarqand xalqaro aeroportida yangi yo‘lovchi terminali va uchish-qo‘nish yo‘lagining qurilishi natijasida aeroportning o‘tkazuvchanlik qobiliyati soatiga 500 nafar yo‘lovchidan 1500 nafarga qadar ko‘tariladi. Germaniyalik mutaxassislar ishtirokida Toshkent aeroportining o‘tkazuvchanlik holatini optimallashtirish va rekonstruksiya qilish natijasida esa yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish qobiliyati yiliga 4 milliondan 7 millionga ortadi. Termiz xalqaro aeroportida yangi uchish-qo‘nish yo‘lagining qurilishi, Andijon aeroportining rekonstruksiya qilinishi barcha turdagi havo kemalariga xizmat ko‘rsatish imkonini yaratib, amalga oshirilayotgan qatnovlar sonining 2-3 baravarga ortishiga olib keladi.
Aviatsiya sohasida raqobat muhitini kengaytirish, O‘zbekiston ichki yo‘nalishlari va Markaziy Osiyo mintaqasi yo‘nalishlarida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish ehtiyojlarini qondirish maqsadida yangi Humo Air aviakompaniyasini tashkil etish ishlari olib borilmoqda.
“Barchaga ma’lumki so‘nggi 30 yil davomida mazkur sohada deyarli hech qanday islohotlar amalga oshirilmadi. Buning oqibatida esa jiddiy muammolar to‘planib qoldi. Soha rivojiga yetarli darajada e’tibor qaratilmagani va mutlaqo raqobat muhitining mavjud emasligi ortidan u monopoliya tamoyillari asosida rivojlandi. Tariflarning yuqoriligi va taqdim etilayotgan xizmatlar sifatining pastligi ham aynan shuning natijasidir”, deyiladi bayonotda.
LiveBarchasi