Saytlar va blogerlar endi izohlar uchun javobgar bo‘ladi. Haqoratlar o‘chirilishi shart

Jamiyat

image

Elektron OAV vakillari va blogerlar veb-sahifalariga qonunga zid sharhlar yozilganda ularni aniqlash va zudlik bilan o‘chirib yuborish tartibi tasdiqlandi.

Vazirlar Mahkamasining “Butunjahon Internet tarmog‘ida axborot xavfsizligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 5 sentyabrdagi 707-son qaroriga qo‘shimchalar kiritildi.

Hukumatning 23 dekabrdagi 807-sonli qarori bilan veb-sayt, veb-sayt va (yoki) messenjer sahifasi egasi, shuningdek, blogerga O‘zbekiston qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborotni olib tashlash to‘g‘risida xabarnoma yuborish tartibi tasdiqlangan.

Unga ko‘ra, tartibning amal qilishi O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanish imkoni mavjud bo‘lgan axborot resurslariga nisbatan tatbiq etiladi.

Tartibga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha markazi (keyingi o‘rinlarda Markaz deb ataladi) tomonidan axborot resurslarida O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborotlar aniqlanganda Markaz tomonidan 24 soatdan kechiktirmasdan axborot resurslari egasi, shuningdek, blogerga O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborotlarni olib tashlash to‘g‘risida xabarnoma yuboriladi.

Xabarnoma Markazning rasmiy axborot resurslari (elektron pochta, ijtimoiy tarmoqlar yoki messenjerlardagi rasmiy sahifa) orqali elektron shaklda yuboriladi. Unda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot joylashtirilgan axborot resursining nomi, axborot joylashtirilgan sana ko‘rsatiladi; taqiqlangan axborotga havola va uning ekrandagi tasviri nusxasi ilova qilinadi. Shuningdek, qo‘shimcha ravishda ushbu axborotni tarqatish uchun qonunchilikda belgilangan javobgarlik to‘g‘risida ma’lumotlar keltirilishi mumkin.

Axborot resursi egasi (bloger) xabarnomani olgan vaqtdan boshlab 24 soatdan kechiktirmasdan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborotni olib tashlashi, shuningdek, bu to‘g‘risida Markazni uning rasmiy axborot resurslari orqali elektron shaklda yoki qog‘oz shaklida xabardor qilishi lozim.

Agar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot ushbu tartibning 6-bandida ko‘rsatilgan muddatda axborot resursi egasi tomonidan olib tashlanmasa, u holda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan ushbu axborotni olib tashlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot joylashtirilgan ijtimoiy tarmoq yoki messenjer ma’muriga yoki da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilinishi mumkin.

Ma’lumot uchun, 2014 yil 4 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonuni 12-1-modda bilan to‘ldirilgan bo‘lib, unga quyidagicha me’yor kiritilgan:

“Veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtiriladigan Internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytidan va (yoki) veb-sayt sahifasidan:

•    O‘zbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat etish;

•    urush, zo‘ravonlik va terrorizmni, shuningdek diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g‘oyalarini targ‘ib qilish;

•    davlat siri bo‘lgan ma’lumotlarni yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni oshkor etish;

•    milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi, shuningdek fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘yuvchi axborotni tarqatish;

•    giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni targ‘ib qilish;

•    pornografiyani targ‘ib qilish;

•    qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab bo‘ladigan boshqa harakatlarni sodir etish maqsadlarida foydalanilishiga yo‘l qo‘ymasligi shart.

Veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtiriladigan Internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborotni joylashtirishdan avval uning to‘g‘riligini tekshirishi, shuningdek joylashtirilgan axborotning noto‘g‘riligi aniqlangan taqdirda uni darhol o‘chirib tashlashi shartligi belgilangan.

Hukumatning 707-sonli qarorida veb-saytdan va (yoki) veb-saytlardan va (yoki) sahifalaridan foydalanishda qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab bo‘ladigan qonun hujjatlarini buzilishi holatlarida vakolatli organ ushbu veb-resurslardan foydalanishni cheklashi mumkinligi belgilangan.

Biroq veb-sayt va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan blogerlarning o‘z veb-sayti va (yoki) veb-sayt sahifalariga joylashtirilgan ommaviy axborotiga yozilayotgan sharhlarda qonunbuzilish holati yuz bergani to‘g‘risida, dastlab ushbu qonunga zid sharhlarni o‘chirib tashlash bo‘yicha axborot egasi yoki blogerga tegishli xabarnoma berish zarurligi inobatga olinmagan. Endilikda bu tartib joriy qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

OAV bloger izoh

Baholaganlar

62

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing