Narin Guran o‘limiga oid sud OAV uchun ochiq bo‘ladi
Olam
−
07 noyabr
9378Joriy yilning 21 avgust kuni g‘oyib bo‘lgan Narin Guran qotilligi bo‘yicha birinchi sud majlisi bugun, 7 noyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Radio va televideniye oliy kengashi (RTUK) raisi Abubakir Shahin ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
Uning yozishicha, qotillik ishi bo‘yicha OAV dastlabki tergov bosqichida tergov sirini buzib, inson qadr-qimmatini kamsituvchi mish-mishlarni tarqatgan.
“Ushbu qurbon bizning begunoh go‘dagimiz. Butun turk xalqi aybdorlarning munosib jazo olishidan umid qilmoqda”, deydi Shahin.
Uning ta’kidlashicha, sud majlisida OAV ishtiroki taqiqlanmagan. Ammo OAVdan guvohlarga salbiy ta’sir ko‘rsatish va sud jarayonini buzish mumkin bo‘lgan holatlarni oshkoralik asosida yoritib berish so‘ralgan.
Ma’lumot uchun, Turkiyaning Diyorbakir viloyati Tavshantepa qishlog‘ida yashovchi Narin Guranning qop ichidagi jonsiz jasadi g‘oyib bo‘lganidan 19 kun o‘tib, qishloqdan 3 km uzoqlikdagi Iftutmaz ko‘chasida topilgandi. Narin Guran o‘limining sababi joriy yilning sentyabr oyida Diyorbakir sud-tibbiyot institutida amalga oshirilgan dastlabki ekspertizada aniqlanmagan. Tanadan olingan namunalar Istanbul sud-tibbiyot institutiga yuborilgan. Oktyabr oyiga kelib, mahalliy OAVlar tomonidan qiz “og‘iz-burun yopilishi va bo‘yinni siqish oqibatida kislorod yetishmasligi tufayli” vafot etgani ochiqlangandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 31 oktyabr kuni ham Turkiyaning Istanbul viloyati Shishli tumanida g‘oyib bo‘lgan 6 yoshli qizning jasadi oradan 2 kun o‘tib Feriko‘y qabristonidan topilgandi.
Mohinur Karimova
LiveBarchasi