Tramp o‘zini tanqid qilgan OAVlarni sudga berdi
Olam
−
16 noyabr
2396AQSH prezidentligiga saylangan Donald Tramp mamlakatdagi ommaviy axborot vositalari unga qarshi chiqqanini aytdi va sudga “New York Times”, CBS kabi nashrlar ustidan milliardlab dollar miqdorida da’vo arizalari kiritdi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Donald Tramp sudga murojaat qilib, o‘ziga qarshi bo‘lgan nashrlar va media kompaniyalariga qarshi da’vo arizalarini to‘plagan. Bu ishlar Trampning keyingi prezidentlik muddati davomida ommaviy axborot vositalarining erkinligiga qanday ta’sir qilishi haqida xavotirlarni kuchaytirmoqda. Tramp o‘tgan hafta o‘zining g‘alaba nutqida OAVni “dushman lageri” deb atagan.
Trampning advokati Edvard Endryu saylangan prezident “New York Times” va boshqa nashrlarga 10 milliard dollar talab qilgan maktubini jo‘natganini oshkor qildi. Maktubda Trampga qarshi tanqidiy maqolalar yozgan jurnalistlar, jumladan Peter Baker, Maykl Shmidt, Susanne Sraig va Russ Buettner haqoratli va yolg‘on ma’lumotlar tarqatishda ayblangan.
Tramp maktubda “New York Times”ni “Demokratik partiyaning ovozi” deb atagan va uni “siyosiy raqiblariga qarshi sanoat darajasidagi tuhmatlarni amalga oshiruvchi” sifatida tanqid qilgan. Trampning huquqshunoslari nashrni Trampning ismini, shu jumladan, uning muvaffaqiyatli brendini obro‘sizlantirishda ayblagan.
Shuningdek, CBS ham Trampning huquqshunoslari tomonidan sudga berilgan. Tramp jamoasi oktyabr oyida CBS kanalida Kamola Harris bilan o‘tkazilgan intervyuni “saylovlarni manipulyatsiya qilish” va “qonunbuzarlik” deb atagan.
Trampning ommaviy axborot vositalariga qarshi kurashi va jurnalistlarga qarshi qo‘zg‘atilgan tahdidlar bu yilgi saylovdan so‘ng global xavotirlarni kuchaytirdi. Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (SPJ) va chegara bilmas muxbirlar (RSF) bu hodisani jurnalistlarning erkinligiga jiddiy tahdid sifatida baholagan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq “Washington Post” nashri AQSH saylovchilari mamlakat tarixidagi eng yomon prezident tanlovi oldida qolgani haqida xabar bergandi. Nashr AQSHning respublikachilar partiyasi nomzodi Donald Trampni “xayol va isterikalar vulqoni” sifatida tavsiflagan. Uning raqibi, mamlakat vitse-prezidenti Kamola Harrisni esa “plastilin” deb atagan.
Muhammad Hodiyev
LiveBarchasi