Navoiyning tug‘ilgan kunidagi diskotekani kim tashkil qilgan? (video)
Jamiyat
−
10 fevral
15054Kecha, ijtimoiy tarmoqlarda 9 fevral kuni oqshomda Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan Alisher Navoiy tavallud kunida diskoteka uyushtirilgani haqida xabarlar tarqalib, ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mazkur holatga universitet matbuot xizmati o‘z munosabatini bildirdi.
Bildirilishicha, aslida ushbu tadbir tashkilotchisi Yakkasaroy tumani hokimligi bo‘lib, universitet oldidagi maydonda (universitet hududida emas) shou-konsert dasturi o‘tkazilgan. Ushbu konsert haqida avvalroq Yakkasaroy tumani rasmiy sahifasida ham ma’lum qilingan.
“Xabar berganimizdek, bugun 9 fevral kuni soat 17:00da Yakkasaroy tumanidagi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining xiyobonida Yakkasaroy tumani hokimligi, Yakkasaroy tuman Madaniyat bo‘limi tomonidan “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!" shiori ostida estradamizning yorqin yulduzlari ishtirokida shou-konsert dasturi bo‘lib o‘tadi”, deyiladi hokimligining kechagi e’lonida.
Voqea yuzasidan O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron ham o‘z munosabatini bildirib, bu ziyolilar g‘ururiga tegadigan ish bo‘lganini izohlagan.
"Hazrat Mir Alisher Navoiy mavludi kuni barchamiz uchun qutlug‘ joylardan biri bo‘lmish maydondagi bobomiz haykali oldida bo‘lib o‘tgan g‘aribona tomosha ko‘pchilikka ma’qul bo‘lmagani kunday ravshan bo‘ldi. Eng avvalo, bu tomosha ulug‘ bobomiz nomi bilan atalgan universitet oldida bo‘lib o‘tgani g‘urumizga tegdi. Zero, oldin ham aytganimizdek, bu maydon ko‘pchiligimiz uchun universitet timsollaridan biriga aylangan", degan shoir.
QALAMPIR.UZ video muallifi E.M. bilan ham bog‘lanib, tarqalgan video to‘g‘risidagi o‘zini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
"9 fevral kuni ertalabdan Alisher Navoiyning 583 yillik tavalludi Adiblar xiyobonida haykal poyiga gul qo‘yishdan boshlandi. Biz guruh bilan ertalabdan Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti qoshidagi akademik litseyda tadbir tashkil qildik. Kechki soat 18:00da televideniyega ham taklif qilingan edim. U yerdan chiqib, xonaga qaytayotganimda universitetning yonida bayram bo‘layotgan ekan. O‘sha hammamizni hayratga solgan, shov-shuvli videoni oldim va Facebook'ga joyladim”, deydi u
Video muallifiga ko‘ra, ko‘pchilik bu postni uning sahifasidan olib, “Alisher Navoiyni xotirlab, universitet yoshlar uchun diskoteka tashkil qilib beribdi”, qabilida xabar tarqatgan.
“Bu tadbir Yakkasaroy tumani hokimligi tomonidan har yili o‘tkazilib kelinadigan tadbir ekan. Bu yilgisi ham ob-havo yaxshi bo‘lgani sababli, shu kuni o‘tkazilgan. Buni hokimiyatning rasmiy kanallariga kirib, tekshirib ko‘rdim”, deya qo‘shimcha qildi talaba.
So‘zini yakunlar ekan, video muallifi jamoatchilik faollari, blogerlarga bunday xabarlarni tarqatayotganda, voqeaga xolis baho berishlarini va qanday murojaati bo‘lsa, Yakkasaroy tumani hokimligiga murojaat qilishlarini so‘ragan.
LiveBarchasi