“Uzbekistan Airways”ning Toshkent-Sian yo‘nalishidagi parvozlariga vaqtincha taqiq qo‘yildi
Jamiyat
−
20 noyabr 2020
5996“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining Toshkent-Sian yo‘nalishidagi parvozlari vaqtincha to‘xtatildi. Bunga 5 noyabr kuni shu yo‘nalishdagi reysning 11 nafar yo‘lovchisida koronavirus aniqlangani sabab bo‘lgan. Bu haqda "Sinxua" Xitoy fuqaro aviatsiyasi ma’muriyati (CAAC) ga tayanib xabar bermoqda.
O‘zbekiston poytaxti Toshkentdan Shensi provnsiyasi markazi bo‘lgan Sianga parvozlar to‘rt haftaga to‘xtatildi. HY501 reysidagi parvozlarga taqiq 23 noyabrdan kuchga kiradi.
Qayd etish kerakki, CAAC joriy yilning 4 iyun kuni COVID-19 tarqalishini nazorat qilish uchun xalqaro yo‘lovchi tashish mexanizmini o‘rnatgan edi.
Unga ko‘ra, agar Xitoyga yetib kelgan barcha havo yo‘lovchilarida ketma-ket uch hafta davomida yangi turdagi koronavirus infeksiyasi aniqlanmasa, aviakompaniya parvozlar sonini haftasiga ikkitaga oshirish uchun ruxsat oladi.
Agar koronavirus aniqlangan yo‘lovchilar soni 5 taga yetsa, yo‘nalishdagi parvoz bir haftaga to‘xtatiladi. Agar bunday yo‘lovchilar soni 10 taga yetadigan bo‘lsa, ushbu yo‘nalishdagi parvozlar to‘rt hafta davomida to‘xtatiladi.
Agentlik shuningdek, “Uzbekistan Airways”ning HY501 reysining asl kvotalarini boshqa yo‘nalishlarga o‘tkazishga haqli emasligini aytdi.
LiveBarchasi