Ar-Riyoddagi hujumdan keyin O‘zbekistondan Jidda va Madinaga parvozlar to‘xtatildimi?
Jamiyat
−
12:13 1525 1 daqiqa
Uzbekistan Airways Saudiya Arabistonidagi aeroportga qilingan hujumga qaramay, Toshkentdan Jidda va Madinaga amalga oshirilayotgan aviaqatnovlar tasdiqlangan jadval asosida bajarilayotganini ma’lum qildi.
“2026 yil 11 oktyabr holatiga ko‘ra, Toshkent – Jidda – Toshkent va Toshkent – Madina – Toshkent yo‘nalishlari bo‘yicha qatnovlar tasdiqlangan harakat jadvali asosida amalga oshirilmoqda”, deyiladi aviakompaniya xabarida.
Aviakompaniya ma’lumotiga ko‘ra, mintaqadagi vaziyat doimiy kuzatib borilmoqda va har bir parvozdan oldin mavjud ma’lumotlar asosida xavf-xatarlar baholanmoqda. Shuningdek, parvozlarni amalga oshirish bo‘yicha qaror qabul qilishda yo‘lovchilar va ekipaj a’zolarining xavfsizligi ustuvor hisoblanishi qayd etilgan.
Bundan tashqari, Uzbekistan Airways parvozlar jadvalida o‘zgarishlar yuz bersa, bu haqda rasmiy kanallari orqali zudlik bilan xabar berilishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 10 oktyabr kuni Yamandagi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylar Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoddagi xalqaro aeroportga hujum qilgani haqida xabar berilgan edi. Hujum oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘lgan, yana 309 kishi yaralangan. Bu Saudiya Arabistonida so‘nggi o‘n yildan ortiq vaqt ichida eng ko‘p qurbon berilgan hujum bo‘lgan.
Live
Barchasi