“Uzbekistan Airways”ning narxlari xorijdagilardan 148 foizgacha yuqori – Senat
Jamiyat
−
11 iyun 2021
5351Avvalroq, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga O‘zbekistondan xorijga parvozlar uchun aviachiptalar narxining qimmatligi yuzasidan senator so‘rovi yuborilgani haqida xabar bergan edik.
Senator so‘roviga asosan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyatining aviachiptalar va aviatashish xizmatlari holati o‘rganildi va bu borada quyidagilar ma’lum qilindi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, aviakassalarda “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan mahalliy va xalqaro yo‘nalishlarda mavjud barcha tariflar haqidagi ma’lumotlar iste’molchilarga to‘liq yetkazilmagan.
Shuningdek, “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan Toshkent-Moskva bir tomonlama yo‘nalishda chiptalar “bagajsiz ekonom” sinfida 131 yevrodan 211 yevrogacha, “ekonom” sinfida 145 yevrodan 335 yevrogacha, “biznes” sinfida 642 yevrodan 862 yevrogacha etib belgilangan bo‘lsa-da, aviakompaniya tomonidan arzon narxlardagi aviachiptalar sotuvga chiqarilmagan.
Bundan tashqari, o‘rganishlar davomida “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan mahalliy yo‘nalishlar uchun belgilangan narxlar boshqa davlatlardagi narxlardan qimmatligi, xususan, “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan belgilangan narxlar xorijiy aviakompaniyalarning narxlaridan o‘rtacha 36 foizdan 148 foizgacha yuqori ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Xususan, Toshkent-Urganch (uchish vaqti 1 soat 15 minut) yo‘nalish bo‘yicha “bagajsiz ekonom” sinfidagi chipta narxi o‘rtacha 41 yevro etib belgilangan. Huddi shu xizmat Rossiya Federatsiyasida (Sankt-Peterburg-Moskva – yo‘nalishi 1 soat 30 minut) o‘rtacha 27 yevroni tashkil etadi. Bundan ko‘rish mumkinki, “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan parvoz uchun belgilangan narx 56 foizga qimmat. “Uzbekistan Airways” AJning ushbu yo‘nalish bo‘yicha “Ekonom” sinfidagi aviachipta narxi Qozog‘iston Respublikasidagi aviakompaniyadagi narxlardan 40 foizga, Turkiyadagi aviakompaniya narxlaridan esa 146 foiz qimmat ekanligi aniqlandi.
Shuningdek, Turkiya davlatidagi ichki yo‘nalishlari bo‘yicha “ekonom” sinfidagi tariflar O‘zbekistonda qo‘llanilayotgan ichki “bagajsiz ekonom” tariflaridan o‘rtacha 42 foizga arzon ekanligi aniqlandi.
“Bu kabi aviatashish xizmatlari bozorida qimmat narxlarni ushlab turish sabablaridan biri raqobat muhiti rivojlanmaganligi deyish mumkin. Chunki, aviakompaniyalar soni qanchalik kam bo‘lsa iste’molchilarga bildiriladigan takliflar ko‘lami kamayib, iste’molchilarda aviachiptalarga bo‘lgan talab (ehtiyoj) ortadi. Tabiiyki buning natijasida erkin raqobat muhiti buzilishiga olib keladi. Bu esa bozor iqtisodiyotidagi talab va taklif qonuniyatini buzadi.
Toshkent – Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha haftasiga 7 marta muntazam reyslar mavjudligiga qaramay faqat 2 ta aviatashuvchi (“Uzbekistan Airways” va “Air Astana”), Toshkent – Moskva yo‘nalishida ham 2 ta aviakompaniya (“Uzbekistan Airways” va “Aeroflot”) to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni amalga oshirishini aytib o‘tishimiz mumkin.
Shuningdek, mazkur yo‘nalishlarda raqobatning rivojlanmaganligi, aviatashuvchi kompaniyalar o‘rtasida kelishib qilinadigan harakatlarni sodir etishga zamin yaratadi”, deyiladi Senat xabarida.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi yuqoridagi muammolarni bartaraf etish va kelgusida fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligiga bir qator takliflar yuborgan. Bildirilgan takliflarning ijro etilishi Senatning Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi tomonidan nazoratga olingan.
LiveBarchasi