“O‘zbekenergo, 200 kVt limitni bekor qilinglar” – o‘zbekistonliklar Instagram’da fleshmob uyushtirdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonliklar Instagram ijtimoiy tarmog‘ida elektr energiyasi iste’moli uchun qo‘yilgan ijtimoiy normani bekor qilishni so‘rab fleshmob o‘tkazmoqda. Tarmoq foydalanuvchilari “O‘zbekenergo, 200 kVtlik limitni bekor qilinglar” deb yozilgan postni o‘z storislarida ulashyapti. Ushbu fleshmobda qatnashganlar soni kun davomida 82 mingdan oshdi.

Facebook, X (Twitter) kabi tarmoqlarda ketayotgan bahs-munozaralarda odamlar ikki guruhga bo‘lindi. Kimdir ijtimoiy norma aholini tejamkorlikka undayotgani haqida gapirsa, kimdir elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj 200 kVt dan yuqori ekani, kuz-qish mavsumida bu ehtiyoj yana-da oshishini gapiryapti.

“Elektr narxi shunday qolsa ham hech bo‘lmasa limit qo‘shib berish kerak. May oyida 414 900 so‘mlik elektr yoqibmiz, 5 kishi yashaymiz”, deb yozgan Facebook foydalanuvchisi. 

Ko‘pchilik limitni 500 kVtga oshirish kerak, degan talabni o‘rtaga qo‘ymoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov esa daromadi 5 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan fuqarolar uchun elektr narxidagi 200 kVt normani qo‘llamaslikni taklif qildi.

Eslatib o‘tamiz, may oyidan boshlab elektr energiyasi narxi oshirildi. Iste’molchilarning I, II va IV guruhlariga kiruvchi qismiga o‘zgarishsiz qoldi – 1 kVt/soat uchun 900 so‘m va 1000 so‘m. Iste’molchilarning III guruhi, shu jumladan, markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan ko‘p qavatli uy-joylar va yotoqxonalarda yashovchi maishiy iste’molchilar uchun quyidagicha tariflar amal qiladi:

  • oyiga 200 kVt/soatgacha – 225 so‘m;
  • oyiga 201 kVt/soatdan 1 000 kVt/soatgacha – 450 so‘m;
  • oyiga 1 001 kVt/soatdan 5 000 kVt/soatgacha – 675 so‘m;
  • oyiga 5 001 kVt/soatdan 10 000 kVt/soatgacha – 787,5 so‘m;
  • oyiga 10 000 kVt/soat va undan yuqori – 900 so‘mdan etib belgilandi.

Qolgan maishiy iste’molchilar uchun esa bir oydagi iste’moldan kelib chiqib:

  • oyiga 200 kVt/soatgacha – 450 so‘m;
  • oyiga 201 kVt/soatdan 1 000 kVt/soatgacha – 900 so‘m;
  • oyiga 1 001 kVt/soatdan 5 000 kVt/soatгача – 1 350 so‘m;
  • oyiga 5 001 kVt/soatdan 10 000 kVt/soatgacha – 1 575 so‘m;
  • oyiga 10 000 kVt/soat va undan yuqori – 1 800 so‘mdan etib belgilandi.

Maqola muallifi

Teglar

Energetika elektr toki

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing