Surxondaryoda elektr ta’minoti to‘liq tiklandi – Energetika vazirligi
Jamiyat
−
14 avgust 676 2 daqiqa
Avvalroq, Markaziy Osiyo yagona energetika tizimida avariyali holat yuzaga kelgani, oqibatda O‘zbekiston, xususan, Surxondaryo viloyati va qo‘shni davlatlarning elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu holatdan so‘ng Surxondaryoda elektr ta’minoti to‘liq tiklandi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Vazirlikka ko‘ra, yirik energetika tizimlarida ayrim elektr stansiyalari yoki elektr uzatish tarmoqlarining avariyaviy o‘chishi oqibatida tizimdagi ishlab chiqarish va iste’mol o‘rtasidagi muvozanat buzilishi, xususan, elektr chastotasining pasayishi yuzaga kelishi mumkin. Bunday vaziyatda zarur choralar o‘z vaqtida ko‘rilmasa, avariya bir hududdan boshqa hududlarga tarqalib, keng ko‘lamli uzilishlarga, hatto tizimli avariya – blekautga olib kelishi mumkin. Shunday holatlarda avariyaga qarshi avtomatika tizimlari energotizimni himoya qilishda muhim hisoblanadi.
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” kompaniyasining elektr tarmoqlari va podstansiyalarida avariyaga qarshi avtomatika tizimlarining o‘z vaqtida, to‘liq va to‘g‘ri ishlashi natijasida avariyaning respublika energotizimida kengayib ketishining oldi olingan.
“Bundan tashqari, energotizimda avariya oqibatida qisqa vaqt ichida yo‘qolgan quvvatning o‘rnini to‘ldirishda energiya saqlash tizimlaridagi (BESS) zaxira energiyani tarmoqqa tezkor uzatish muhim rol o‘ynadi. Jumladan, energiya saqlash tizimlari zarur paytda energiyani tarmoqqa juda qisqa vaqt ichida berish imkonini ta’minladi. Bu esa tizimdagi quvvat muvozanatini tiklash va chastotaning keskin pasayishining oldini olishga xizmat qildi”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, agar yo‘qolgan quvvatni faqat elektr stansiyalarni ishga tushirish orqali qoplashga to‘g‘ri kelganida, bu jarayon ko‘proq vaqt talab qilgan bo‘lar edi. Shu nuqtai nazardan, energotizimda energiya saqlash texnologiyalarining joriy etilishi nafaqat elektr energiyasini saqlash, balki avariyaviy holatlarda tizim barqarorligini ta’minlash vositasi sifatida ham muhim ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatdi.
Surxondaryo viloyatining elektr ta’minoti asosan ikkita 500 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘i orqali ta’minlanadi. Ularning biri qo‘shni davlat hududidan, ikkinchisi esa Qashqadaryo viloyati hududidan elektr energiyasini yetkazib beradi.
Avariya vaqtida ushbu ikki tarmoqdan birida rejali ta’mirlash ishlari olib borilayotgan bo‘lgan. Shu sababli qo‘shni davlat tomonidan elektr energiyasi keladigan tarmoqda uzilish yuzaga kelishi viloyat elektr ta’minotini qisqa vaqt ichida to‘liq qayta tiklash imkonini cheklagan.
Olib borilgan tezkor choralar natijasida rejali ta’mirlashda bo‘lgan 500 kVli elektr uzatish tarmog‘i xavfsizlik talablariga muvofiq ishga tayyor holatga keltirilib, qayta ishga tushirilgan. Buning natijasida Surxondaryo viloyatida elektr ta’minoti bosqichma-bosqich to‘liq tiklangan.
Live
Barchasi