O‘zbekiston Afg‘onistonga ortiqcha elektrni eksport qiladi – Energetika vaziri (video)

Jamiyat

image

O‘zbekiston ichki ehtiyoj to‘liq qondirilganidan so‘ng ortib qoladigan elektr energiyasini Afg‘onistonga eksport qilishni rejalashtirmoqda. Buning uchun Afg‘oniston hududidagi elektr tarmoqlarini qurish va mavjudlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalar amalga oshiriladi. Bu haqda kecha, 13 avgust kuni Energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev Prezident Shavkat Mirziyoyevga qilingan taqdimotdan so‘ng “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

 

Vazirning aytishicha, Afg‘onistonga elektr eksporti mamlakat ichidagi iste’molchilar ehtiyoji to‘liq ta’minlanganidan keyin ortib qoladigan quvvat hisobidan amalga oshiriladi. Ayniqsa, quyosh va shamol elektr stansiyalari yuqori quvvatda ishlaydigan mavsumlarda hosil bo‘ladigan ortiqcha elektr energiyasini eksport qilish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, Surxondaryo viloyatida yangi quyosh elektr stansiyalarini qurish rejalashtirilgan.

“Surxondaryo juda ham quyoshga boy o‘lka. U yerda hozirgi kunda ishlab turgan quyosh stansiyamiz quvvati to‘liq Surxondaryo viloyatining talabini qondirishga yetadi. Lekin, biz u yerda yana qo‘shimcha ikkita-uchta elektr stansiya qurishni rejalashtirganmiz”, deydi Energetika vaziri.

Amalga oshiriladigan loyihalardan biri Afg‘oniston hududidagi elektr tarmoqlarini rivojlantirish bilan bog‘liq. Unga ko‘ra, yangi elektr tarmoqlari quriladi va mavjud infratuzilma modernizatsiya qilinadi. Loyiha Afg‘oniston tomonining tashabbusi asosida amalga oshiriladi.

Prezidentga qilingan taqdimotda esa hududlarda yoqilg‘i-energetika resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ham ko‘rib chiqilgan. Yig‘ilishda Samarqand viloyatidagi hududiy elektr tarmoqlari boshqaruvini xorijiy investorlarga berish hamda “Surxon – Puli-Xumri” yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘ini barpo etish loyihalarini jadallashtirish masalalari ham muhokama qilingan.

Eslatib o‘tamiz, bir yil oldin Afg‘onistondagi “Da Afghanistan Breshna Sherkat” (DABS) va O‘zbekiston Energetika vazirligi o‘rtasida elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalar qurilishi bo‘yicha umumiy qiymati 243 million dollarlik to‘rtta kelishuv imzolangan edi.

Kelishuvlar doirasida 1000 megavatt quvvatli 500 kilovoltlik Surxon–Dasht-Alvon elektr uzatish liniyasini uzaytirish, 800 MVA quvvatli Arg‘andeh podstansiyasini kengaytirish, Nangarhor viloyatida Shayx Mesri podstansiyasini qurish hamda 220 kilovoltlik Qobul–Nangarhor (Shayx Mesri) elektr uzatish liniyasini kengaytirish rejalashtirilgandi.

 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing