O‘zbek pomidorida xavfli virus chiqdimi? Qozog‘iston telekanalida uzatilgan lavha internetda shov-shuv ko‘tardi
Jamiyat
−
15 aprel 2023
20920Ijimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston pomidorlarida xavfli virus aniqlangani haqida xabarlar tarqaldi. Xabarlarga Qozog‘iston telekanalining “24KZ” telekanali orqali namoyish etilgan lavha asos qilib ko‘rsatib, o‘zbekistonliklar ogoh bo‘lishi kerakligi haqida ma’lumot berilgan. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan holatga aniqlik kiritish maqsadida tezkor surishtiruv va o‘rganish olib borilgan. Unga ko‘ra, Qozog‘iston tomoni O‘zbekistondan import bo‘lgan pomidor mahsulotlarida pomidor jigarrang virusi (Tomato brown rugose fruit virus) va boshqa karantin kasalliklar aniqlanganligi yuzasidan mahsulotlarni orqaga qaytarish holati kuzatilmagan va e’tiroznoma (notifikatsiya) jo‘natmagan.
Shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston karantin xizmatlari bilan tezkor ravishda muzokara olib borilib, ushbu tarqalgan xabarga izoh bergan fitosanitariya xizmatining Qozog‘istonning Turkiston viloyati hududiy inspeksiyasi rahbari I.Begasilov pomidor jigarrang virusi aniqlanish holati yuzasidan import bo‘lgan 43 tonna pomidor mahsulotida, aynan, O‘zbekistondan yuklangan pomidor mahsulotida xavfli virus qayd etilmaganini telefon muloqotida tasdiqlagan.
“Mamlakatimizdan pomidor eksporti bo‘yicha Agentlik tomonidan 2023 yilning o‘tgan davri mobaynida importyor davlatlarning fitosanitariya talablariga muvofiq jami 24 147 tonna (shundan 14 424 Qozog‘iston Respublikasiga eksport uchun) pomidor mahsulotiga xalqaro fitosanitariya sertifikati berilgan va importyor davlatlarning karantin xizmati tomonidan nomuvofiqlik holatlari aniqlanganlik yuzasidan e’tiroz holati qayd etilmagan”, deyiladi xabarda.
Keltirilishicha, jahon bozoriga xavfsiz, tekshirilgan va turli kasalliklardan holi mahsulotlarni chiqarish, xalqaro qishloq xo‘jaligi maydonida O‘zbekiston brendi nufuzini mustahkamlash maqsadida har bir qishloq xo‘jaligi mahsuloti partiyasidan namunalar olinib, Markaziy fitosanitariya laboratoriyasida ekspertizadan o‘tkazilib, laboratoriyaning xulosasiga ko‘ra eksport va import jarayonlari amalga oshiriladi. Jumladan, pomidor jigarrang virusini aniqlash uchun ham namunalar 8 soat davomida maxsus polimeraza zanjir reaksiyasi (PZR) testidan o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda so‘nggi bir hafta ichida yangi pomidorning ulgurji narxlari keskin arzonlashdi.
LiveBarchasi