O‘zbek olimi Chingiz Aytmatov nomidagi mukofot bilan taqdirlandi

Olam

image

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, filologiya fanlari doktori, professor Shuhrat Sirojiddinov Chingiz Aytmatov nomidagi mukofot bilan taqdirlandi. Samarqandda o‘tkazilgan MDH Parlamentlararo assambleyasi sessiyasida shunday qaror qabul qilindi.

Yalpi majlisda olimga mukofotni Qirg‘iziston Respublikasi delegatsiyasi rahbari Nurlanbek Shakiyev topshirdi.

Shuhrat Sirojiddinov matnshunoslik va adabiyotshunoslik sohasida yirik olim sifatida tanilgan, o‘zbek mumtoz adabiyoti, dinshunoslik va tarjima nazariyasiga oid qator ilmiy asarlar muallifi. Olim 140 dan ortiq ilmiy maqola, 16 monografiya va o‘quv qo‘llanmalari tuzgan.

“Chingiz Aytmatovdek ulug‘ yozuvchi nomi bilan bog‘liq mukofotni olish juda katta sharaf. Kamtarona xizmatlarim shunday mukofotga loyiq ko‘rilganidan juda mamnunman. Xalqlarimiz boy madaniyatini targ‘ib etib, do‘stlik va tinchlikka xizmat qiluvchi faoliyatimizni yanada rivojlantiramiz”, deydi Shuhrat Sirojiddinov.

Chingiz Aytmatov nomidagi mukofot Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi taklifi bilan 2012 yil noyabr oyida ta’sis etilgan.

Mukofot har yili madaniyat, ma’rifat sohasidagi xizmatlari, gumanitar fanlar, adabiyot va san’at rivojiga, madaniy merosni o‘rganish va asrab-avaylash, madaniyatlar, millatlar hamda elatlarni yaqinlashtirish,  o‘zaro boyitish, tinchlik va do‘stlikni mustahkamlashga, shuningdek, davlatlar o‘rtasidagi ma’naviy aloqalarni rivojlantirishga qo‘shgan hissa uchun beriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Chingiz Aytmatov

Baholaganlar

47

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing