Aripov Issiqko‘lda mavqedoshi bilan uchrashdi (fotoreportaj)
Jamiyat
−
16 avgust 2023
4874Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyati Cho‘lpon-Ota shahrida O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi Oqilbek Japarov ishtirokida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 10-majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston hukumati portali xabar berdi.
Ikki davlat Bosh vazirlari boshchiligida o‘tgan yig‘ilishda so‘nggi yillarda mamlakatlar o‘rtasida keng qamrovli va o‘zaro manfaatli aloqalar jadal rivojlanib borayotgani, bunda, Prezidentlarning siyosiy irodalari, muntazamlik kasb etgan do‘stona va ishonchli muloqotlari asosiy omil bo‘lib xizmat qilayotgani urg‘ulangan.
Qayd etilishicha, mamlakatlar orasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi yildan-yilga ortib bormoqda. Uning hajmini 2 mlrd dollarga yetkazish imkoniyati mavjud bo‘lib, suv xo‘jaligi, energetika, transport, avtomobilsozlik hamda boshqa tarmoqlarda qo‘shma kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Uchrashuvda sanoat kooperatsiyasi sohasida katta imkoniyatlar mavjudligi, bu borada O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot fondi salohiyatidan unumli foydalanish zarurligi aytib o‘tilgan.
Shuningdek, energetika, suv xo‘jaligi, transport va logistika sohasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish yuzasidan o‘zaro fikr almashilgan. Madaniy-gumanitar, turizm va sport sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish maqsadida o‘zaro madaniyat kunlari, etnosport festivallari, tadbirlar, konsert va ko‘rgazmalar o‘tkazish tashabbusi ilgari surilgan.
“AKIpress” nashriga ko‘ra, noyabr oyida O‘zbekistonda Qirg‘iziston madaniyati kunlari doirasida yozuvchi Chingiz Aytmatov tavalludining 95 yilligini nishonlash rejalashtirilgan.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 10-yig‘ilishi yakunlari yuzasidan bayon imzolangan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 15 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi Qirg‘izistonga borgandi. O‘zbekiston delegatsiyasini Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov qabul qilgan.
LiveBarchasi