Japarov xorijdagi tanqidchilarni manqurtlikda aybladi
Jamiyat
−
14:30 309 2 daqiqa
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov xorijda yashayotgan ayrim qirg‘izistonliklarni tanqid qilib, ularni mamlakatdagi yaxshi ishlardan ham yomonlik izlash va manqurtlikda aybladi. Bu haqda u joriy yil 11 sentyabr kuni Talasda Qirg‘iziston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirdagi nutqida so‘z ochdi.
Chingiz Aytmatov ijodi haqida gapirar ekan, davlat rahbari o‘z tarixini, tili va madaniyatini unutayotgan jamiyat fojiasini aks ettiruvchi manqurt obrazini tilga olgan. Shundan so‘ng, u xorijda yashayotgan ayrim vatandoshlarni tanqid qilgan.
“Xorijda bo‘lib, u yerda olgan bir burda non uchun o‘z mamlakatida sodir bo‘layotgan yaxshi ishlardan ham yomonlik izlaydigan, manqurtlik qiladigan shunday o‘g‘lonlarimiz bor. Biz ularni tarbiyalashga va tartibga chaqirishga harakat qilamiz”, degan Japarov
Prezident nutqining keyingi qismida Qirg‘izistondan tashqarida o‘nlab yillardan beri yashab, mehnat qilayotgan vatandoshlarga murojaat qilgan. U vatandan uzoqda ularning qadri va o‘z yurtiga bo‘lgan mehri yanada yaqqol sezilishini aytgan.
“Sizlar so‘nggi 35 yil davomida Qirg‘iziston iqtisodiyotining bir qismi bo‘lib keldingiz. Buning uchun Qirg‘izistonning har bir rahbari sizlarga minnatdorlik bildirishi kerak”, degan Prezident.
Sadir Japarov respublikada o‘tkazilgan yirik xalqaro tadbirlardan keyin xorijdagi qirg‘izistonliklar vatani bilan faxrlanganini ko‘rib, hayratlanganini ham qo‘shimcha qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov tashqi kuchlardan pul olib, mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinayotganlarni qattiq jazolashga chaqirgandi.
Live
Barchasi