O‘zbek milliy o‘yinlari butun dunyoda rivojlanadi – Erdo‘g‘anning o‘g‘li

Sport

3

O‘zbekistonda yangidan yangi o‘yinlar, sport turlari, xoh ko‘pkari, xoh belbog‘li kurash bo‘lsin yanada keng tarqaladi va butun dunyoda rivojlanadi. Butunjahon etnosport konfederatsiyasi raisi Najmiddin Bilol Erdo‘g‘an kecha, 8 oktyabr kuni “O‘zbekistonda etnosportning rivojlanish istiqbollari” mavzusida o‘tkazilgan Xalqaro konferensiyada shunday fikr bildirdi.

“O‘zbekistonda ko‘pkari, uloq deb ataladigan xalq o‘yinlari rivojlangan va haqiqatan ham ajoyib sport turi. Bundan tashqari belbog‘li kurash o‘zbek va tatar xalqlarida juda ham muhim sport turlaridan biri. Ot ustida kurash o‘yini esa qadimdan O‘zbekistonda ob-havo sovuq paytlarida ham o‘ynalgan. Turkiyada, xususan Onado‘lida ham bu o‘yinlar o‘ynalgan. Men sanab o‘tgan sport turlari O‘zbekiston uchun muhim bo‘lgani kabi, Onado‘li uchun ham qadrli. Biz bu sport turlari bilan faqatgina bir joyda emas, kerak bo‘lsa, uylarda, mahallalarda, ko‘chalarda, maydonlarda shug‘ullanish tarafdorimiz. Ishonamanki, qisqa vaqt ichida O‘zbekistonda yangidan yangi o‘yinlar, sport turlari, xoh ko‘pkari, xoh belbog‘li kurash bo‘lsin yanada keng tarqaladi va butun dunyoda rivojlanadi”, deydi Bilol Erdo‘g‘an.

Shuningndek, Butunjahon etnosport konfederatsiyasi raisi o‘z oilasida etnosport bilan shug‘ullanuvchilar borligi, otasi Rajab Toyib Erdo‘g‘anning ushbu sportga munosabati haqida ham fikr bildirdi.

“Bizning Prezidentimiz (Rajab Toyib Erdo‘g‘an – tahr.) – futbolchi. Lekin, futbol etnosport turlariga kirmaydi. Ammo, janob Erdo‘g‘an tomonidan so‘nggi yillarda kamondan otish sporti qo‘llab-quvvatlanmoqda. 2012 yilda Turkiyada “Kamondan o‘q otish jamg‘armasi” tashkil etildi. U tashkil etilgan joyda 600 yillik tarixiy markaz ham barpo etildi.

Olimpiya o‘yinlarida kamondan o‘q otish sport turi bo‘yicha turkiyalik Meta Gazos oltin medalni qo‘lga kiritishi juda muhim tarixiy voqea bo‘ldi. Bilasizki, bu sportda bugunga qadar biror marta turkiy mamlakatlar vakillari olimpiya medaliga ega bo‘lmagandi. Ammo, 8 yillik mehnatlarimiz natijasida bu natijaga erishishni uddaladik. Jamg‘armamizning ilk tashkil etilgan yillarida o‘zim ham etnosport bilan shug‘ullandim, lekin uzoq davom ettirolmadim. Mendan so‘ng, o‘g‘lim ham o‘zini sinab ko‘rdi.

Bugungi kunda, Turkiyada ot minish biroz unutildi. Bu sport turi yana tanilishi uchun qayta rivojlantirishga harakat qildik. Ot sporti shaharlarda juda mashhur. Shu sababli uning yanada ommaviylashishi uchun bu sportga katta mablag‘ ajratyapmiz. Asta-sekin ot sporti markazlarini ochmoqdamiz. Anqarada prezidentimiz tashabbusi bilan kamondan o‘q otish va ot sporti markazi o‘z faoliyatini boshladi”, deydi Najmiddin Bilol Erdo‘g‘an.

Eslatib o‘tamiz, Xalqaro konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov hamda Butunjahon etnosport konfederatsiyasi raisi Najmiddin Bilol Erdo‘g‘an, O‘zbekiston etnosport assotsiatsiyasi raisi Oybek Norinboyev ishtirok etdi va “Xalq o‘yinlarini rivojlantirish” va “Federatsiyalar o‘rtasida hamkorlik” memorandumi imzolandi.


Maqola muallifi

Teglar

Aziz Abduhakimov Butunjahon etnosport konfederatsiyasi Oybek Norinboev Najmiddin Bilol Erdo'g'an Rajab Toyib Erdog'an Turizm va sport vaziri

Baholaganlar

150

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing