O‘zbek-qirg‘iz chegarasida otishma sodir bo‘ldi. Ikki qirg‘izistonlik halok bo‘lgan

Jamiyat

image

Kecha, 5 aprel kuni davlat chegarasining Qirg‘iziston-O‘zbekiston uchastkasida qurol qo‘llash bilan bog‘liq hodisa yuz berdi. Bu haqda “Kabar” agentligi Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining Chegara xizmatiga tayanib, xabar berdi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Jalolobod viloyati Aqsi tumani Deyres qishlog‘ida Qirg‘izistonning bir necha fuqarolari O‘zbekiston hududiga noqonuniy ravishda otda yuk olib o‘tmoqchi bo‘lgan.

Ular O‘zbekiston hududida davlat chegara chizig‘idan 500 metr uzoqlikda turganida O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati chegara xizmati xodimlari tomonidan aniqlangan. Kontrabandachilar o‘zbek chegarachilarining to‘xtash haqidagi talablariga bo‘ysunmagan.

“Tinch aholini hibsga olish vaqtida janjal kelib chiqdi. O‘zbekiston chegarachilari o‘z hayoti va sog‘lig‘ini saqlab qolish maqsadida qurol ishlatgan, natijada ikki fuqaro hayot uchun xavfli jarohatlar olgan. Qolgan jinoyatchilar Qirg‘iziston hududiga qochishga muvaffaq bo‘lgan”, deyiladi xabarda.

O‘zbekiston chegarachilarining ma’lum qilishicha, Qirg‘iziston fuqarolari qiymati 20 ming AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan kontrabanda yukini olib o‘tmoqchi bo‘lgan.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, halok bo‘lgan fuqarolar O‘zbekistondan bo‘lgan, biroq 2012 yilda Qirg‘iziston fuqaroligini olgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ular O‘zbekiston pasportini o‘zlari bilan olib yurgan.

Kecha soat 17:55 da hodisa holatlarini o‘rganish uchun voqea joyiga borgan Qirg‘iziston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi chegara vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Chegara vakillari voqea yuzasidan har bir tomon o‘z tekshiruvini o‘tkazishiga kelishib olgan.


Maqola muallifi

Teglar

chegara

Baholaganlar

2616

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing