Alvido, afsona! “Toshkent yo‘lbarsi” 76 yoshida vafot etdi

Sport

image

O‘zbek boksining afsonaviy vakillaridan biri, mamlakat tarixidagi ilk jahon chempioni Rufat Risqiyev 76 yoshida vafot etdi. Bu haqda jurnalist Davron Fayziyev ma’lum qildi.

Rufat Risqiyev o‘zining yorqin faoliyati davomida o‘zbek sporti tarixida o‘chmas iz qoldirgan. U 1974 yilda Gavanada o‘tkazilgan jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston tarixida boks bo‘yicha ilk jahon chempioniga aylangan.

Oradan ikki yil o‘tib, Risqiyev 1976 yilgi Monreal Olimpiadasida ishtirok etib, finalga qadar yetib bordi. U hal qiluvchi jangda AQSH vakili Maykl Spinksga imkoniyatni boy berib, Olimpiya o‘yinlarining kumush medaliga sazovor bo‘ldi.

Rufat Risqiyev faoliyati davomida nafaqat yuqori natijalari, balki ringdagi texnikasi, jangovar xarakteri va mahoratli jang uslubi bilan ham muxlislar mehrini qozongan.

Sportchilik faoliyatini yakunlagach ham u boksdan uzoqlashmadi. Risqiyev yosh bokschilarni tarbiyalash bilan shug‘ullanib, murabbiy va hakam sifatida faoliyat olib bordi. U o‘zining boy tajribasi orqali o‘zbek boksining keyingi avlodlari rivojiga katta hissa qo‘shgan.

So‘nggi yillarda Rufat Risqiyev og‘ir kasallik bilan kurashib kelayotgan edi.

Rufat Risqiyevning nomi mamlakat sport tarixida jahon chempioni va Olimpiada sovrindori sifatida abadiy qoladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing