“UzAutoMotors”ning imtiyozlari bo‘yicha deputatlar so‘roviga maxfiy hujjat bilan javob berildi

Jamiyat

image

Davlat bojxona qo‘mitasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlarining avtomobil ishlab chiqaruvchilarga berilgan imtiyozlar yuzasidan yuborgan so‘rovga maxfiy xat bilan javob berdi.

Deputat Rasul Kusherboyevning ma’lum qilishicha, u Doniyor G‘aniyev va Bekmirza Eshmurzayev bilan Davlat bojxona qo‘mitasi raisi hamda Moliya vaziriga “UzAutoMotors” AJ va “Jizzax avtomobil zavodi” MCHJ uchun avtomashinalarni import qilishda import boji va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilish borasida Hukumat qarori yoki imtiyozli huquq taqdim etilganligi borasida batafsil ma’lumot berish hamda mamlakat avtomobil bozoridagi raqobat muhitini yaxshilash, iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish maqsadida avtomobillar uchun import bojlarini kamaytirish masalasi bo‘yicha o‘z nuqtai-nazarini bayon etishni so‘rab “deputatlik so‘rovi” yuborgan.

Kecha,5 noyabr kuni so‘rovga Davlat bojxona qo‘mitasidan javob kelgan, ammo javob deputatlarga berilmagan. 

“Chunki javob maxfiy hujjat sifatida yuborilibdi...

Tasavvur qilayapsizmi: jamiyatni, jamoatchilikni qiziqtirayotgan, davlat va jamiyat xavfsizligiga bog‘liq bo‘lmagan masalada bizning ochiq yuborayotgan so‘rovlarimizga javoblar maxfiy, qo‘mita raisining nuqtai nazari ham maxfiy va biz undan foydalana olmaymiz. Kulishni ham yig‘lashni ham bilmaysan”, deydi Kusherboyev.

U kelgusida turli sirlarni ochishda va monopol kompaniyalarning yo‘q obro‘sini tushirishda ayblamasliklarini xohlaganini bildirgan.

“Boshqalardan farqli o‘laroq deputat faoliyati ochiq bo‘lib, jamoatchilikni qiziqtirgan masalalar yuzasidan oshkora muloqotlar olib borishni burchimiz, deb bilganimiz sababli kelgusida bizni qandaydir “qo‘rqinchli sir”larni oshkor etib, yo‘q obro‘sini tushirishda ayblamasliklarini hoxladik. Shundog‘am payt poylab turishibdi.

Shu nuqtai nazardan qo‘limizga olish mumkin bo‘lmasa-da faqat tanishib, keyin jim yurilishi kerak bo‘lgan maxfiy javob bilan tanishishdan bosh tordik”, deydi Kusherboyev.

Deputat so‘rovga kelgan bu tarzdagi javobni olmagan deb hisoblasa ham bo‘lishini ta’kidlab o‘tgan.

“Shubhalar tasdig‘ini topib borayapti...

Katta ehtimol bilan Moliya vaziri ham javobda shunday “priyom” qo‘llasa kerak. Kutamiz, lekin qaytish yo‘q. 
 
Hozircha esa yashasin ochiqlik, “yashasin” “UzAutoMotors” monopoliyasi!”, deya so‘zini yakunlagan Rasul Kusherboyev.

P.S.: Yaxshiyamki, “UzAutoMotors” bor yo‘g‘i avtomobil ishlab chiqaradi. Kim bilsin davlat xavfsizligiga aloqadaor biror narsa ishlab chiqarganda deputatlarga bo‘sh qog‘oz kelgan bo‘larmidi...
 


Maqola muallifi

Teglar

UzAutoMotors

Baholaganlar

529

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing