“UzAutoMotors” AJni to‘xtatishning bitta yo‘li bor – MQKQ
Jamiyat
−
07 dekabr 2020
25826O‘zbekistonda “UzAutoMotors” AJ monopoliyasiga va narxlarning asossiz oshirilishiga barham berishning yagona yo‘li bojxona stavkalarini pasaytirish. Bu haqda bugun, 7 dekabr kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Bobir Karimov matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
Dastlab, qo‘mita raisi o‘rinbosari Bekzod Ummatov monopol kompaniya bilan davom etayotgan sud ishi bo‘yicha to‘xtalib, tashkilot o‘z hisob-kitoblariga ishonishini ma’lum qildi. U shuningdek, sud qarori ustidan berilgan apellyatsiya rasmiyatchilik uchun qilinayotganini ta’kidladi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisning birinchi o‘rinbosari Bobir Karimov ham “UzAutoMotors” bilan bog‘liq holatga qo‘shimcha qilib, bu masalani tag-tugi bilan to‘xtatishning yagona yo‘lini aytdi.
“UzAutoMotors” bilan bog‘liq holatni to‘xtatishning bitta yo‘li bor — kirib kelayotgan avtomobillar uchun bojxona to‘lovini pasaytirish. Agar raqobat bo‘lsa, ularni tekshirishga ham hojat qolmaydi. Raqobatning o‘zi hammasini joy-joyiga qo‘yadi.
Agar shu narsa hal bo‘lmasa, “UzAutoMotors” ishini har yili ko‘rib chiqishimiz, sudda yutishimiz ham mumkin. Biroq bu natija bermaydi, buning davosi — bozorda raqobatni paydo qilish”, deya qo‘shimcha qildi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisning birinchi o‘rinbosari Bobir Karimov.
Qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Bobir Karimovning aytganlaridan kelib chiqsak, “UzAutoMotors” AJni to‘xtatish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzoqov rahbarligidagi Investitsiya va tashqi savdo vazirligida qolyapti. Negaki bojlarni belgilash vazirlik huzuridagi Tarif va notarif tartibga solish Kengashi vakolati hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 dekabr kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va “UzAutoMotors” aksiyadorlik jamiyati o‘rtasidagi ish Toshkent shahar ma’muriy sudida qaytadan ko‘rib chiqiladi.
Dastlabki sud jarayonida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi “UzAutoMotors”ga yutqizgandi. Sud monopolist kompaniya foydasiga qaror chiqargandi.
LiveBarchasi