O‘ynab gapirsak ham, o‘ylab gapiradigan vaqtda ishlayapmiz – Qodirov

Jamiyat

image

Sovet davlatida yashagan barcha millatlarning ziyolilariga nisbatan qilingan vahshiy nohaqliklarni anglash va to‘g‘ri talqin qilish uchun katta tarixchi bo‘lish shart emas. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari – “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirovning Rossiya Davlat dumasi deputati Konstantin Zatulin yozgan javobida aytiladi. 

Gap shundaki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 31 avgust kuni Shahidlar xotirasi maydoni va “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyida “Mustaqillikka erishish oson bo‘lmagan. Istiqlolimizga 31 yil bo‘lgani bilan bobolarimiz 100 yillar oldin bunga harakat qilgan. 100 ming vatandoshimiz qatag‘onga uchrab, 13 ming nafari shafqatsiz otib tashlangan. Nima uchun?”, deya aytgan gaplari Moskvada ko‘plab muhokamalarni keltirib chiqardi. 

Jumladan, Davlat Dumasining MDH,  Yevroosiyo integratsiyasi va vatandoshlar bilan aloqalar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Konstantin Zatulin e’tirozli munosabat bildirdi.

“Sovet Ittifoqida o‘zbek millatini hech kim yo‘q qilgani yo‘q. Hozir Sovet Ittifoqida ukrainlarni ataylab och qoldirgan, Boltiqbo‘yi xalqlarini qirib tashlagan va hokazolarni aytadigan butun bir panteon mavjud. Sovet Ittifoqi barcha kamchiliklariga qaramay xalqaro hamjamiyat edi va O‘zbekiston xaritada Sovet Ittifoqi tarkibida dastlab paydo bo‘lgan, keyin esa mustaqillikka erishgan, tilini saqlab qolgan, o‘zini xalq sifatida saqlab qolgan”, dedi Zatulin.

Duma deputatiga O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbsari, prezidentlikka sobiq nomzod Alisher Qodirov javob qildi. 

“Prezident Shavkat Mirziyoyevning kuni kecha qilgan ma’ruzasi Rossiya Davlat dumasi deputati Konstantin Zatulinni asossiz talqiniga suyanib xato xulosalarga sabab bo‘libdi. 

Davlat rahbari tarixiy faktlarga asoslanib, yaqin o‘tmishning qora kunlarini eslatib o‘tdi. O‘sha qora kunlarda xalqimizning eng ilg‘or fikrlovchi qatlamlarning yakson qilinganini eslamaslik, kelajakda bu kabi xatolarni takrorlanishiga olib kelishi mumkin. 

Prezident nafaqat o‘zbek, balki o‘sha davrda sovet davlatida yashagan barcha millatlarning ziyolilariga nisbatan qilingan vahshiy nohaqliklar haqida gapirdi. Buni anglash va to‘g‘ri talqin qilish uchun katta tarixchi bo‘lish shart emas, menimcha.  

Hamkasblarimga shunday ham murakkab bo‘lgan muhitni yana murakkablashtiradigan, mintaqadagi tinchlik va osoyishtalikka putur yetkazadigan talqinlardan tiyilishni tavsiya qilaman. Zero bundan hech kim yutmaydi! O‘ynab gapirsak ham, o‘ylab gapiradigan vaqtda ishlayapmiz”, deydi Qodirov. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Zatulinga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev ham javob qilib, Mirziyoyevning SSSR zulmi haqidagi gaplarini yoqlab chiqqandi. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Qodirov

Baholaganlar

176

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing