“O‘tib ketsa, kechirilmaydi”. Ortiqxo‘jayev yo‘llardagi “yama”larni yo‘qotish uchun muhlat berdi
Jamiyat
−
13 aprel 2022
12949Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxt yo‘llaridagi chuqurlarni to‘liq ta’mirlash uchun 10 kun muhlat berdi. Bu haqda u bugun, 13 aprel kuni yig‘ilishda aytib o‘tgan.
“Qishimiz unchalik og‘ir o‘tmadi, lekin Toshkent shahri oxirgi 50-60 yilda bunday yog‘ingarchilikni ko‘rmagandi. Yog‘ingarchilikdan keyin shaharda asfaltlar o‘zining yaqqol qiyofasini ko‘rsatdi, katta chuqurlar paydo bo‘ldi. Bu fuqarolarning keskin e’tirozlariga sabab bo‘lyapti”,
Ortiqxo‘jayev hokimlik huzuridagi Obodonlashtirish bosh boshqarmasi rahbari Anvar Umarovga 10 kun ichida ko‘chalardagi chuqurlarni bartaraf etishga ko‘rsatma berdi.
“Anvar aka, siz 10 kun ichida tumanlar hokimlari bilan birgalikda boshqarmalar bilan birlashgan holda Toshkent shahrida mavjud bo‘lgan xususiy korxonalar va boshqarmangizga tegishli bo‘lgan barcha texnikalarni jalb qilishingiz kerak. 10 kun muhlat. 10 kun ichida siz katta ko‘chalarni, asosiy ko‘chalarni to‘liq ta’mirlashingiz kerak. Men tushunaman, og‘ir. Bizda katta shahar bor, lekin siz mas’uliyatni o‘z zimmangizga olishingiz kerak. Agar kerak bo‘lsa, kechasi ishlashni tashkillashtirasiz”, degan hokim.
Ortiqxo‘jayev ichki ishlar xodimlariga murojaat qilib, ta’mirlanayotgan yo‘llarda tartibni va harakat xavfsizligini ta’minlashga chaqirdi.
“Yo‘l-patrul xizmati xodimlari ham mas’uliyatni tushungan holda ta’mirlanayotgan joyda nazorat o‘rnatib, odamlar uchun qulaylik yaratishi kerak. Bu 10 kundan o‘tib ketsa, kechirilmaydi. Prokurorimiz mablag‘larni bebiliska ishlatilmasligini va sifatni nazorat qilib berishsa. Birorta chuqur qolmasligi kerak, sifatsiz qabul qilmaymiz”, degan Jahongir Ortiqxo‘jayev.
Hokim ishlarni imkon darajasida mashinalar qatnovi kam bo‘lgan kechki vaqtda tashkil qilishga ko‘rsatma bergan.