O‘tgan yarim yillikda O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,5 foizga o‘sdi – Prezident
Jamiyat
−
11:52 391 3 daqiqa
O‘tgan yarim yillikda O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,5 foizga o‘sdi. Bu haqda bugun, 18 avgust kuni Prezidentning Xivada bo‘lib o‘tayotgan ochiq muloqotida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, jahondagi vaziyat qanchalik murakkab bo‘lmasin, o‘tgan yarim yillikda O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,5 foizga o‘sgan. “Fitch” va “ Moody’s” agentliklari mamlakat suveren kredit reytingini bir pog‘ona yaxshilagan.
Jahon bankining investitsiya va ishbilarmonlik muhiti bo‘yicha hisobotida O‘zbekiston 31-o‘rinni egallagan. Davlat rahbari bu natijalar, avvalo, tadbirkorlar bilan yelkama-yelka amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi ekanini ta’kidlagan.
Joriy yil kooperatsiya, davlat xaridi, standart, oziq-ovqat xavfsizligi va urbanizatsiya sohalarida institutsional o‘zgarishlar amalga oshirilgan. “Milliy sanoat zanjiri” orqali xususiy korxonalar yirik davlat kompaniyalaridan 4 trillion so‘mlik buyurtmalar olgan.
Strategik korxonalar mahalliylashtirish uchun 650 dan ziyod yangi mahsulot ro‘yxatini e’lon qilgan. Bu tadbirkorlar uchun qo‘shimcha 1 milliard dollarlik bozor yaratgan.
Qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tish chegarasi 1 milliard so‘mdan 5 milliard so‘mga oshirilgan. Kafe va restoranlarga 100 milliard so‘m QQS “keshbek” sifatida qaytarilgan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga “nol” stavka joriy qilinishi hisobiga 400 milliard so‘m fermerlarda qolgan.
Qozog‘istonda 11 turdagi qurilish materiallari importiga cheklov bekor qilingan, Turkmaniston bilan o‘zaro bojsiz savdo rejimi yo‘lga qo‘yilgan. Iordaniya, Pokiston, Eron va Afg‘oniston bilan yuzlab mahsulotlar bo‘yicha imtiyozli savdo bitimlari tuzilgan.
Iqtisodiyot o‘sishiga katta turtki beradigan yirik loyihalar ham amalga oshirilmoqda. Jizzaxda atom elektr stansiyasi, Olmaliqda to‘rtinchi mis boyitish fabrikasi, “Toshkent – Samarqand” va “Toshkent – Andijon” zamonaviy avtomobil yo‘llari shular jumlasidan.
Xorazmda ekologik aviayoqilg‘i majmuasi, Surxondaryoda 940 gektarlik zamonaviy issiqxona, Yuqori Chirchiqda Yangi Toshkent aeroporti qurilmoqda. Bu yil qiymati 27 milliard dollar bo‘lgan 105 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasi boshlanadi.
Barcha hududlarda jami 3 million aholi uchun yangi massivlar barpo etilmoqda. Bunday loyihalarda o‘z mahsuloti va xizmati bilan ishtirok etmoqchi bo‘lgan mahalliy tadbirkorlarga xorijiy investorlar bilan teng sharoit yaratiladi.
Transport-logistika sohasida yuk mashinalarini import qilishda boj va utilizatsiya yig‘imi bekor qilindi. Xalqaro tashuvlar uchun vagon taqdim etishda qo‘shilgan qiymat solig‘i “nol” stavkaga tushiriladi.
Kelasi yil Gruziyaning Poti portida quvvati 500 ming tonna bo‘lgan logistika markazi ishga tushiriladi, Anakliya porti bo‘yicha ham amaliy ishlar boshlanadi. Olot, Termiz, Yangiyo‘l, Ohangaron va Xonobodda yirik transport-logistika markazlari tashkil etiladi.
Kelgusi yilda Toshkent xalqaro moliya markazi hamda “Enterprise Uzbekistan” xalqaro raqamli texnologiyalar markazi ishga tushiriladi. Ular 20-25 milliard dollar kapital, yangi bilim va texnologiyalarni jalb etish imkonini yaratadi.
Live
Barchasi