Tramp jamoasi Putin bilan muzokaralarga hozirlik ko‘rmoqda
Olam
−
11:09
2118AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampning jamoasi uning Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Ukrainadagi urushni tugatish variantlarini muhokama qilish uchun uchrashuviga hozirlik ko‘rmoqda. Bu haqda kecha, 12 yanvar kuni Tramp o‘zining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlamoqchi bo‘lgan respublikachi kongressmen Maykl Uolts ABC News telekanaliga ma’lum qildi.
"Tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Prezident Tramp nuqtai nazaridan qaralsa, boshqa tomon bilan qandaydir aloqa va muloqotni saqlamasdan turib, kelishuvga erisha olmaysiz. Va biz buni kelgusi oylarda albatta qilamiz", dedi Uolts.
Boshlovchining bu faqat Tramp va Putin uchrashuvi bo‘ladimi yoki Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham ishtirok etadimi degan savoliga Uolts quyidagicha javob berdi:
"Buning uchun aniq asosni belgilab berdingiz. Biz bu borada ishlayapmiz. Lekin men hech bo‘lmaganda keyingi bir necha kun va haftalarda qo‘ng‘iroq bo‘lishini kutyapman".
Uning qo‘shimcha qilishicha, muzokaralarni boshlashda frontdagi vaziyatning barqarorlashuvi va ukrainaliklarning bunga qo‘shgan hissasi muhim rol o‘ynaydi. Xususan, u Ukraina Qurolli Kuchlarining harbiy kadrlar yetishmasligi bilan bog‘liq muammolarga ishora qilib, ularni "hal qilish kerak"ligini va Ukrainada chaqiruv yoshi hozir "18 yoshdan emas, 26 yoshdan" ekanini eslatib o‘tdi.
"Menimcha, ko‘pchilik yuz minglab yangi qo‘shinlarni olib kelish mumkinligini tushunmaydi... Frontdagi ma’naviy qiyinchiliklar va muammolar haqida eshitganimizda, shuni ta’kidlash kerakki, agar ukrainaliklar butun dunyoni demokratiyani har qanday holatda ham qo‘llab-quvvatlashga chaqirsa, ularning o‘zlari ham demokratiyani qo‘llab-quvvatlashlari kerak. Albatta, ular jasorat bilan jang qildi, jangni olijanoblik va qat’iyat bilan qabul qildilar, ammo ishchi kuchi bilan bog‘liq bu muammolarni hal qilish kerak", dedi Uolts.
Shuningdek, o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining kuchga kirishi uchun real vaqt oralig‘ini izohlar ekan, u shunday dedi:
"Biz uni har daqiqa, har kuni ko‘rishni xohlaymiz. O‘ylaymanki, bu har ikki tomon uchun ham nihoyatda ijobiy birinchi qadam bo‘ladi. Va bu bizga qandaydir muzokaralar olib boradigan yechim doirasiga kirishimizga imkon beradi".
Maykl Uoltsning qo‘shimcha qilishicha, u “har bir so‘nggi rossiyalikni Ukraina tuprog‘ining har bir qarichidan, hatto Qrimdan” chiqarib yuborishni real emas deb hisoblaydi.
"Prezident Tramp bu haqiqatni tan oldi. Menimcha, butun dunyo bu voqelikni tan olish jarayonida bo‘lgani oldinga tashlangan katta qadam. Keling, bu mojaro doimiy bo‘lib qolmasligi va butun dunyoga tahdid soladigan darajada avj olmasligi uchun oldinga intilaylik", dedi u.
Eslatib o‘tamiz, 9 yanvar kuni Tramp Mar-a-Lagodagi mulkida respublikachi gubernatorlar bilan uchrashuv oldidan u va Putin o‘rtasida uchrashuv rejalashtirilganini aytgandi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham Putin Tramp bilan oldindan hech qanday shartlarsiz uchrashishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Shveysariya Tashqi ishlar vazirligi vakili Nikolas Bido joriy yilning 10 yanvar kuni chop etilgan mahalliy “Le Temps” nashriga bergan intervyusida Tramp va Putin o‘rtasida kutilayotgan uchrashuv Shveysariyada bo‘lib o‘tishi mumkinligini bildirdi.
LiveBarchasi