Usmonov UBS Europe bankini sudga berdi
Jamiyat
−
18 iyun
6276USM Holdings asoschisi Alisher Usmonov 2024 yilning 7 iyun kuni Frankfurt-Mayn mintaqaviy sudiga UBS Europe SE (sobiq UBS Deutschland AG) bankiga qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qildi. Bu haqda tadbirkorning manfaatlarini himoya qiluvchi advokat Stefani Rabenau ma’lum qildi.
Usmonovning fikricha, 2018-2022 yillarda bank Germaniyaning moliya organlariga shubhali moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirgani haqida bir qator asossiz xabarnomalar yuborgan. Bu esa unga qarshi siyosiy surishtiruvlar o‘tkazilishiga turtki bo‘lgan.
Advokat Rabenauning bayonotidan ma’lum bo‘lishicha, UBS banki Germaniya bojxona bosh boshqarmasining moliyaviy monitoring bo‘limiga agar yolg‘on deyilmasa, o‘ndan ortiq bema’ni va asossiz notalar yuborgan. Ular orasida naqd pul olish hamda ijara to‘lovlarida pul yuvish da’volari bor edi. Shu bilan birga, Rabenau bank o‘z shubhalarini tasdiqlovchi hech qanday fakt keltirmaganini aytib o‘tgan.
Bundan tashqari, 2022 yilda UBS xabarnomalari Germaniyada Alisher Usmonovga qarshi tergov boshlanishiga sabab bo‘ldi. Surishtiruvlar asnosida tergov organlari Usmonovga tegishli deya xato xulosaga borgan butun mamlakatdagi ob’ektlar, jumladan, Bavariyadagi ko‘chmas mulk ob’ektlarida va “Dilbar” yaxtasida tintuvlar o‘tkazgan. Bu tergov va tintuvlar ommaviy axborot vositalarida yoritilgan hamda tadbirkorga nisbatan sanksiyalarni kengaytirish uchun ishlatilgan.
“Bank xizmatlari shartnomasi va bank sirini saqlash qoidalariga zid ravishda UBS mijoz haqidagi ma’lumotlarining maxfiyligini buzgan, u haqda yolg‘on bayonotlar tarqatgan, shuningdek, shaxs huquqlari borasidagi umumiy huquqlarni qo‘pol ravishda buzgan. Shartnomaning bank tomonidan buzilishi Usmonovning moliyaviy yo‘qotishlarga va uning obro‘-e’tiboriga katta zarar yetkazilishiga olib keldi. Mohiyatan, UBS aybsiz shaxsni noqonuniy jinoiy ta’qib qilishning fitnachisi va ishtirokchisiga aylangan va o‘z mijoziga sanksiya qo‘llanilishiga sabab bo‘lgan”, degan advokat Stefani Rabenau.
Tadbirkorning vakili Piter Gauveyler esa yetkazilgan zarar miqdorini hozircha baholab bo‘lmasligini qo‘shimcha qilgan. U UBS uchun oqibatlarni sunami oqibatlari bilan tenglashtirgan.
Alisher Usmonov 2022 yilning fevralida Yevropa Ittifoqi (YeI) sanksiyalariga uchragan edi. O‘sha yilning kuzida Myunxen prokuraturasi YeI joriy qilgan cheklovlarni buzgan holda, tadbirkor Germaniyadagi mol-mulkini nazorat qilish uchun qo‘riqlash kompaniyasiga pul to‘laganini bildirgan. Germaniyaning turli shaharlarida tadbirkorga tegishli bo‘lgan barcha ko‘chmas mulk ob’ektlarida tintuvlar o‘tkazilgan. 2023 yilning may oyida Frankfurt-Mayn mintaqaviy sudi asossiz taxminlar bilan o‘tkazilgan bunday tintuv ishlarini noqonuniy deb topdi. 2024 yilning mart oyida Germaniyadagi tadbirkorning mol-mulk ob’ektlarida o‘tkazilgan noqonuniy tintuvlarga qarshi tekshiruv boshlandi. Bunda Bosh prokuratura xodimi va katta prokuror odil sudlovdan chetga chiqish va begunoh insonni ta’qib qilganlikda ayblanmoqda.
Advokatlarning fikricha, Usmonovning UBS’ga qarshi ishi misli ko‘rilmagan jarayon bo‘lib, Germaniya bank tizimi uchun qonuniy ish bo‘lishi kutilmoqda. Ular tadbirkorni Leo Kirxning Deutsche Bank’ga qarshi sudlashishi bilan solishtirishgan. Mediamagnat Kirx bank vakillarining bayonotlari investorlarning bankrotlikka olib kelgan Kirch Gruppe’ga ishonchini susaytirganlikda ayblagandi.
Ko‘p yillik sud jarayoni 2014 yil boshida yakuniga yetdi. Deutsche Bank o‘sha paytda allaqachon vafot etgan mediamagnatning merosxo‘rlari bilan shartnoma tuzib, ularga 775 million yevro to‘lab bergan. Qiziqarlisi shundaki, o‘shanda Kirxlar oilasining vakili bo‘lgan Peter Gauvayler ayni paytda Alisher Usmonovga yordam bermoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya sudi Alisher Usmonov foydasiga qaror chiqargandi. Shuningdek, milliarder “Putin Rossiyasi”dan uzoqlashishga harakat qilayotgani haqida xabar berilgandi.