Usmonov, Abramovich va yana 33 kishi: AQSH Navalniy uchun Putinning oligarxlarini jazolamoqchi
Olam
−
22 Sentabr 2021 15704 2 daqiqa
AQSH Kongressi qo‘mitasi Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyga qilingan suiqasd yuzasidan 35 nafar rossiyalikka nisbatan sanksiya qo‘llash bo‘yicha Oq uyga kiritiladigan ro‘yxatni tasdiqladi. Bu haqda Xelsinki komissiya a’zosi va kongressmen Pol Massaro o‘zining Twitter sahifasida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ro‘yxatdan milliarderlar – Roman Abramovich, Alisher Usmonov va Oleg Deripaska, “Gazprom” raisi Aleksey Miller, “Rosneft” bosh direktori Igor Sechin, “Birinchi kanal” bosh direktori Konstantin Ernst, “Russia Today” bosh muharriri Margarita Simonyan, “Rossiya-1” jurnalisti Vladimir Solovev, Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin, Federal xavfsizlik xizmati (FXX) direktori Aleksandr Bortnikov, Rossiya gvardiyasi direktori Viktor Zolotov va boshqalar joy olgan.
Xabarga ko‘ra, qonun loyihasi Kongressga demokrat Tom Malinovski va respublikachi Jon Kertis tomonidan Magnitskiy qonuniga muvofiq kiritilgan. Endi kelasi olti oy davomida hujjatlar Prezident Jo Bayden ma’muriyati tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Qayd etish kerakki, Navalniy tarafdorlari muxolifatchi hibsga olinganidan ko‘p o‘tmay joriy yilning yanvar oyida xuddi shunday ro‘yxatni e’lon qilishgandi. Ular Qo‘shma Shtatlardan ushbu ro‘yxatdagilarga nisbatan shaxsiy sanksiyalar qo‘llashni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, yuqoridagi shaxslarning ko‘pchiligi haqida Navalniy va uning jamoasi turli xil surishtiruv filmlarini olgan. Yaqinda ular Rossiya Tashqi ishlar viziri Sergey Lavrov haqida ham shunga o‘xshash filmni ommaga namoyish qilgan edi. Unda Lavrov mansabi va vakolatini suiste’mol qilib, oligarx Derepaskaning (ushbu familiya ham yuqorida keltirilgandek, sanksiyaga tushganlar ro‘yxatida bor) xalqaro maydondagi muammolarini hal qilib berish evaziga moddiy manfaat ko‘rishi haqida so‘z boradi.
Ma’lumot o‘rnida, Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy o‘tgan yilning 20 avgustida Rossiyaning Tomsk shahrida zaharlanganidan so‘ng, Germaniyada 4 oy davolanib, joriy yilning 17 yanvar kuni Rossiyaga qaytdi va darhol hibsga olindi. O‘lishiga bir baxya qolgan Navalniy bir qator intervyu va chiqishlarida joniga suiqasd qilinishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Putinni ayblagan. Shundan so‘ng, fevral oyida u “Iv Roshe” ishi bo‘yicha 3,5 yilga qamalgan.
Live
Barchasi