Yaxta, pora va jazman. Navalniy jamoasi vazir Lavrovning sirlarini fosh qildi

Olam

image
0:00
0:00
download

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning “jazmani” Svetlana Polyakova va uning qarindoshlari TIV rahbari bilan muntazam ravishda xizmat samolyotida ishchi safarlariga uchgan. Bundan tashqari, ular dam olish uchun doimiy ravishda rossiyalik tadbirkor Oleg Deripaskaning hashamatli villalari va yaxtalaridan foydalanib kelgan. Bu haqda Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyning jamoasi o‘tkazgan surishtiruv filmida aytilgan. Ular ushbu surishtiruv filmida “Vajniye istorii” internet nashriga tayangan.

Ma’lumot o‘rnida, Sergey Lavrov 2004 yildan, ya’ni 17 yildan beri Rossiya Tashqi ishlar vaziri hisoblanadi. U oilali va bir nafar qiz farzandi bor. Uning qonuniy turmush o‘rtog‘ining ismi Mariya Aleksandrovna Lavrova.

Foto: Lavrov haqiqiy oilasi bilan

Biroq, Navalniy jamoasi tomonidan e’lon qilingan materialda yana bir ayol, Svetlana Polyakova haqida so‘z boradi. Qayd etilishicha, u vazirning jazmani. Svetlana Polyakova Tashqi ishlar vazirligida ishlamaydi. U aktrisa, biroq butun TIVga uning gapi o‘tadi, tanishlarini bemalol ishga joylab qo‘yadi, yoqmaganlar esa o‘z xohishi bilan arizasini yozadi.

Bundan tashqari, Svetlana Polyakova TIV rahbari Sergey Lavrovning xizmat safarlari vaqtida u bilan hukumat samolyotida chet ellarga uchgan. Jumladan, 2019 yilda Sergey Lavrov Ozarbayjon TIV rahbari hamda mamlakat Prezidenti bilan uchrashish uchun safar qilgan. Albatta, Svetlana Polyakovaning hamrohligida. Shundan so‘ng, Rossiya TIV rahbari Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida qatnashish uchun Bratislavaga uchgan, yana Svetlana Polyakova hamrohligida. Shunday qilib, so‘nggi 7 yil mobaynida Svetlana Polyakova Sergey Lavrov bilan 60 marta xizmat safarlariga borgan, Rossiya nomidan turli konferensiya va sammitlarda ishtirok etgan.

Foto:Svetlana Polyakova

Eng qizig‘i shundaki, Svetlana Polyakovadan tashqari qizi, jiyani va onasi ham vazirga doimiy ravishda hamrohlik qilib kelgan. Bunda ular har doim ham xizmat samolyotidan emas, ba’zida oligarx Oleg Deripaskaning shaxsiy samolyotidan foydalangan. Samolyot? Nafaqat samolyot, vazirning noqonuniy qarindoshlari oligarxga tegishli bo‘lgan mehmonxona va villalarni o‘ziga uy qilib olgan. Polyakovaning qizi ijtimoiy tarmoqlarga joylagan fotosuratlarida ham bu o‘z isbotini topgan.

Oligarxning “xizmatkori”

Navalniy izdoshlari rasmiy manbalardan olingan xabarlarga asoslanib, Lavrov o‘sha oligarx Deripaskaga turli xizmatlar ko‘rsatishini qayd etgan. Shunday qilib, vazir oligarxga AQSH fuqaroligini olishda, Gvineya va Yamayka hukumati bilan biznes masalalarini hal qilishda yordam berishlari uchun amerikalik lobbistlarga shaxsan xat yozgan, G‘arb davlatlarini Deripaskaga qarshi sanksiyalar joriy qilgani uchun tanqid qilgan.

Rossiya TIV bunga nima deydi?

Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova joriy yilning 16 sentyabr kuni Navalniy jamoasining Lavrov haqidagi materialini “soxta tergov”, deb atadi. Brifing paytida u “hatto eng ashaddiy raqiblar ham Lavrovning professionalligiga shubha qilmaydi” va Tashqi ishlar vazirining obro‘si “o‘zgarmas, shubhasiz bukilmas”, degan.

Navalniychilarning surishtiruv filmi Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasiga saylovlarda uch kunlik ovoz berish boshlanishi arafasida e’lon qilingan. Sergey Lavrov “Yagona Rossiya” partiyasidan deputatlikka da’vogarlar ro‘yxatidagi obro‘li besh nomzodning biridir.

Баннер в информационном центре Центральной изbirательной комиссии РФ  - РИА Новости, 1920, 18.09.2021

Rossiya Davlat dumasiga saylov

Ayni vaqtda Rossiya Davlat dumasiga saylovlar bo‘lib o‘tmoqda. Saylovga kecha, 17 sentyabr kuni start berilgan va ovoz berish 19 sentyabr kuni ham davom etadi. Qayd etish kerakki, uch kunlik saylov – yangi format. Pandemiya sababli ilk marta shunday tajriba qo‘llanmoqda. Kecha, 17 sentyabr kuni saylovning birinchi kuni o‘z yakuniga yetgan. Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, qariyb 17 foiz saylovchi o‘z ovozini berib bo‘lgan. Saylovda 14 ta partiyadan 3 800 nafar nomzod qatnashmoqda.

Navalniy jamoasining filmi ham bekorga 16 sentyabr kuni e’lon qilinmadi. Bu bilan saylovga ta’sir ko‘rsatish maqsad qilingan. O‘z navbatida, Roskomnadzor Google, Telegram’ga bosib o‘tkazib, Navalniy jamoasiga tegishli bot, kanal, dasturlarni bloklashga urinmoqda. Hozirgacha ayrim muvaffaqiyatlarga ham erishildi. Xususan, Google Play Market’dagi “Navalniy” dasturini Rossiya hududida blokladi. Telegram esa Navalniy tarafdorlarining “Umnoye golosovaniye” botini blokladi.

Ma’lumot o‘rnida, Navalniy hozirda qamoqda. Joriy yilning fevral oyida u “Iv Roshe” ishi bo‘yicha 3,5 yilga qamalgan. Bundan avval, 2020 yil avgustda Aleksey Tomsk shahrida zaharlangandi. O‘lishiga bir baxya qolgan Navalniy bir qator intervyu va chiqishlarida joniga suiqasd qilinishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Putinni ayblagan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

930

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing